add

O‘zbekistonda faoliyati to‘xtagan ayrim to‘qimachilik korxonalari Afg‘onistonda ish boshlaydi

29.10.2025 | 13:005042

O‘zbekistonlik mutaxassislar Afg‘onistonda to‘qimachilik korxonalarini tiklash ishlarini boshladi. O‘zbekistonda faoliyati to‘xtagan ayrim fabrikalar endilikda Afg‘oniston hududida qayta ishga tushiriladi.

O‘zbekistonda faoliyati to‘xtagan ayrim to‘qimachilik korxonalari Afg‘onistonda ish boshlaydi

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘zbekistonda faoliyati to‘xtagan ayrim tekstil korxonalari endi Afg‘onistonda ish boshlaydi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi axborot xizmati ma’lumot berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Afg‘onistonning «Afg‘on tekstil korporatsiyasi» davlat korxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyati to‘xtagan ayrim to‘qimachilik korxonalari Afg‘oniston hududida lokalizatsiya qilinib, qayta ishga tushiriladi.

Shu yilning 18–23 oktyabr kunlari sohaning malakali mutaxassislari hamda SSP vakillaridan iborat delegatsiya Afg‘onistonga xizmat safari uyushtirdi. Safar davomida Parvon, Qandahor, Balx va Bag‘lon viloyatlari hamda Kobul shahridagi oltita to‘qimachilik ob’ekti — jumladan «Gulbahor», «Qandahor», «Balx» va «Puli-Xumri» fabrikalari o‘rganildi.

Ekspertlar binolarning holati, texnologik uskunalar va infratuzilma imkoniyatlarini baholab, dastlabki loyihalash uchun zarur texnik-iqtisodiy ma’lumotlarni yig‘ishdi. Hozirda ushbu ma’lumotlar tahlil qilinib, korxonalarni qayta tiklash va ishga tushirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilmoqda.

Memorandum doirasidagi bu tashabbus Afg‘onistonda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish bilan birga, O‘zbekiston ishlab chiqarish salohiyatini eksportga yo‘naltirish va qo‘shni mamlakat bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev UNICYeF rahbarlari bilan uchrashib, Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlashda hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda faoliyati to‘xtagan ayrim to‘qimachilik korxonalari Afg‘onistonda ish boshlaydi | Vaqt.uz