
O‘zbekistonda gaz qazib olish yana pasayishni boshladi
24.06.2025 | 14:0021333
Ikki oylik barqarorlikdan so‘ng may oyida O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi yana qisqardi. Bu jarayon so‘nggi uch yarim yildan buyon uzluksiz davom etmoqda.
May oyida O‘zbekistonda 3 353,5 mln.kub metr gaz qazib olindi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 244,9 mln.kub metrga kamaygan. Gaz qazib olishdagi umumiy pasayish 2025 yilning birinchi besh oyida 553,3 mln.kub metrga yetdi.
Gaz bilan bir qatorda neft va gaz kondensati qazib olish hajmi ham kamaymoqda. Joriy yilning may oyida neft qazib olish 56,5 ming tonnani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,2 ming tonnaga kam. Gaz kondensati bo‘yicha esa pasayish 8,8 ming tonnani tashkil etdi.
Yoqilg‘i ishlab chiqarish sohasida benzin hajmi ham pasayishda davom etmoqda. May oyida 98,2 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 7,4 ming tonnaga kam. Shu bilan birga, dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishda o‘sish qayd etilgan. Uning hajmi 18,8 ming tonnaga oshib, 116,1 ming tonnaga yetdi.
Energetika sohasida esa ijobiy dinamika kuzatilmoqda. May oyida O‘zbekistonda 6 599,1 mln.kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 200 mln.kVt.soatga ko‘p. Elektr ishlab chiqarishdagi bu o‘sish asosan yangi ishga tushirilgan quvvatlar hisobiga yuz bergan.
Mutasaddilar ma’lumotiga ko‘ra, gaz qazib olishdagi uzoq davom etayotgan pasayish salohiyatni tiklash va yangi resurslarni o‘zlashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.





