Logo

Sentyabrdan ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi

Bugun 14:352 daqiqa

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 mln 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘m bo‘ladi.

Sentyabrdan ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi © ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston prezidentining 2026-yil 23-iyundagi «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, 1-sentabrdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va talabalar oladigan stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi.

Shuningdek, shu sanadan e’tiboran mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 mln 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m bo‘ladi. Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘m etib belgilandi.

Farmonga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab pensiyalar va nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari ham 7 foizga oshirildi. Ya’ni yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori — oyiga 1 mln 83 ming so‘m bo‘ldi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori esa quyidagicha:
 
— 3 yoshgacha bo‘lgan 1 kichik farzand uchun 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 1 farzand uchun 295 ming so‘m;
— oilaning 2-farzandi uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m;
— oilaning 3- va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha 118 ming so‘m.

Qolaversa, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori 450 ming so‘m etib belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oliy ta’lim bitiruvchilarining maoshi ochiqlangandi. Mamlakatda oliy ma’lumotli yoshlarning o‘rtacha maoshi 4,9 mln so‘mni tashkil qilayotgan bir paytda, ayrim universitet bitiruvchilari mehnat bozorida 12,6 mln so‘mgacha baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid