
O‘zbekistonda keng qo‘llaniladigan Airbus A320 samolyotlari dunyo bo‘ylab shoshilinch chaqirib olinmoqda
A320 samolyotlarining parvozni boshqarish tizimida axborot buzilishi xavfi yuzaga kelgani aytilmoqda.

Airbus aerokosmik korporatsiyasi samolyotlaridagi dasturiy ta’minotni yangilash maqsadida A320 oilasiga mansub minglab samolyotlarni chaqirib olishini e’lon qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, laynerlarda dasturiy ta’minotni yangilash zarurati kuchli quyosh nurlanishi tufayli parvozlarni boshqarish tizimlarining ishlashi uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga zarar yetish xavfi bilan izohlangan.
Ta’kidlanishicha, bu jarayon dunyodagi samolyotlar parkining yarmida nosozliklarga sabab bo‘ladi va bir necha ming laynerga ta’sir qiladi.
Bu kompaniyaning 55 yillik tarixidagi Airbus samolyotlarining eng yirik ommaviy chaqirib olinishlaridan biridir. Hozirda A320 oilasining 11 300 ga yaqin samolyoti, shu jumladan 1987 yilda foydalanishga topshirilgan 6440 ta asosiy A320 modeli mavjud.
Butun dunyo bo‘ylab aviakompaniyalar allaqachon jadvalga o‘zgartirishlar kiritmoqda. Masalan, Air France 28-noyabr kuni Fransiyaning barcha aeroportlaridagi 35 ta reysni bekor qildi. Avianca o‘z flotining 70 foizini chaqirib olishi kutilmoqda va chiptalar sotuvini 8-dekabrgacha to‘xtatdi.
A320 oilasiga mansub samolyotlar Qozog‘iston va O‘zbekiston aviakompaniyalari tomonidan ham keng foydalaniladi. Qozog‘iston Fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi darhol yo‘lovchilarga murojaat qilib, xotirjam bo‘lishga va parvozlar holatini oldindan tekshirib ko‘rishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun: A320 1984 yilda taqdim etilgan. 2025 yil oktabr oyida Airbus A320 samolyotlari oilasi fuqaro aviatsiyasi tarixidagi eng ko‘p sotilgan samolyotga aylandi va ishlab chiqarilgan laynerlar soni bo‘yicha o‘zining asosiy raqobatchisi — Boeing 737 ni ortda qoldirdi.





