add

O‘zbekistonda meva-sabzavot eksporti uchun minimal narxlar bekor qilindi

13.10.2025 | 15:004443

Prezident farmoniga muvofiq, endilikda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda davlat tomonidan minimal narxlarni belgilash amaliyoti tugatiladi. Bu qaror eksport faoliyatini erkinlashtirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.

O‘zbekistonda meva-sabzavot eksporti uchun minimal narxlar bekor qilindi
O‘zbekistonda meva-sabzavot eksporti uchun minimal narxlar bekor qilish bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi. 8 oktyabrda imzolangan 181-sonli prezident farmoni bilan amalga oshirilgan o‘zgarish natijasida, 2024 yilda joriy etilgan mazkur tartib faqat uch toifa mahsulotlar — to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektr jihozlari uchungina saqlanib qoladi. Meva-sabzavotlar eksportida minimal narxlarning joriy qilinishi o‘tgan yili tadbirkorlar va tahlilchilar tomonidan qattiq tanqid qilingan edi. Ular bu amaliyotni «eksportga zarba» sifatida baholab, narx erkinligining cheklanishi tashqi bozorda raqobat imkoniyatlarini qisqartirishini ta’kidlashgan. Shu bilan birga, farmonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga oid qo‘shimcha imtiyozlar ham nazarda tutilgan. Jumladan, dukkakli ekinlarni yig‘ish texnikasini sotib olgan tadbirkorlarga texnika qiymatining 15 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, kredit yoki lizing stavkasining 10 foizdan ortiq qismi ham davlat subsidiyasi hisobidan yopiladi. Hujjatga ko‘ra, issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz kafolatli yetkazib berilishi ta’minlanadi hamda ular soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bu choralar qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda meva-sabzavot eksporti uchun minimal narxlar bekor qilindi | Vaqt.uz