
O‘zbekistonda ta’lim xizmatlari hajmi 26,3 trln so‘mga yetdi
Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda.

2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekistonda ta’lim sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi bir yilda 4,2 foizga oshib, 26,3 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, bu yerda ta’lim xizmatlari hajmi 12,8 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu umumiy hajmning qariyb yarmini tashkil etadi.
Shu jumladan, Samarqand viloyati 1,9 trln so‘m bilan ikkinchi o‘rinda tursa, Farg‘ona viloyatida bu raqam 1,7 trln so‘mga yetgan. Shuningdek, Andijon, Buxoro va Toshkent viloyatlarida ham ta’lim xizmatlari hajmi 1,3 trln so‘m atrofida bo‘lgan.
Qashqadaryo va Namanganda bu ko‘rsatkich 1,2 trln so‘mdan oshgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda 834,8 mlrd, Surxondaryoda 860,3 mlrd, Xorazmda esa 826,6 mlrd so‘m qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida bo‘lib, bu yerda ta’lim xizmatlari hajmi 257,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Ma’lumot o‘rnida, ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 4 mln 188,5 ming so‘mni tashkil etdi. Xususan, o‘rtacha oylik ish haqi oliy ta’lim sohasida 9 mln 513,3 ming so‘mni, texnik va professional ta’lim sohasida 4 mln 259,7 ming so‘mni, umumiy o‘rta ta’lim sohasida 4 mln 136,7 ming so‘mni, maktabgacha ta’lim sohasida esa 2 mln 771,5 ming so‘mni tashkil qilgan.





