Logo

O‘zbekistonda tovar olib kirish uchun yagona bojxona to‘lovi arzonlashadi

Bugun 13:151 daqiqa

2027-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslar uchun yagona bojxona to‘lovi 30 foizdan 20 foizgacha pasaytiriladi.

O‘zbekistonda tovar olib kirish uchun yagona bojxona to‘lovi arzonlashadi © Bojxona qo’mitasi

2027-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyojlari uchun bojsiz me’yordan ortiqcha olib kiradigan tovarlar uchun yagona bojxona to‘lovi stavkasi tovar qiymatining 30 foizidan 20 foiziga tushiriladi. Bu haqda «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmonida belgilab berildi.

Hujjatga ko‘ra, to‘lovning eng kam miqdori tovarning har bir kilogrammi uchun 3 dollardan 2 dollargacha kamayadi. Yagona to‘lov bojxona boji, QQS va aksiz solig‘i o‘rniga undiriladi.

Tadbirkorlarga yengilliklar

2026-yil 1-oktabrdan xavf darajasi past va QQS guvohnomasi faol tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun importda to‘lanadigan QQSni o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, tovar eksportida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya va tovar kelib chiqish sertifikati uchun yig‘imlar 30 foizga kamaytiriladi.

2027-yildan xavfi past tadbirkorlar import qilgan tovarlarning bojxona qiymati tovar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi. Qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi.

Shu bilan birga, bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish va rasmiy dillerlar hamda distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish tartibi joriy etiladi.

Yana bir imtiyoz

2027-yil 1-iyundan jismoniy shaxslar notijorat maqsadlarda tovar olib kirganda hisoblangan yagona bojxona to‘lovi bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.

Teglar

Mavzuga oid