
O‘zbekistonda Volkswagen avtomobillari ishlab chiqariladi
12.06.2025 | 15:4013343
Germaniyaning yirik avtokonserni «Volkswagen» «O‘zavtosanoat» tarkibidagi «Alyans Auto» bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtomobillar ishlab chiqarishni boshlashini ma’lum qildi.

Bu haqda «Volkswagen»ning savdo va marketing bo‘yicha rahbari Martin Sander LinkedIn'da xabar berdi.
Yangi kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistonda SKD formatida — ya’ni, butlovchi qismlarni yirik uzellar asosida yig‘ish texnologiyasi bo‘yicha avtomobillar ishlab chiqariladi. Tarkibiy qismlar «Volkswagen»ning Xitoydagi ishlab chiqarish bazasidan yetkazib beriladi. Bu kompaniyaga logistika xarajatlarini qisqartirish va uglerod izini kamaytirish imkonini beradi.
Sanderning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda aholi sonining o‘sishi va o‘rta tabaqaning talabchanligi nemis sifatli avtomobillariga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. «Bizda sakkizta zamonaviy sedan va keng salonli krossoverlar mavjud — aynan shunday mashinalarni o‘zbekistonlik xaridor izlayapti», — dedi u.
«Volkswagen» uchun bu O‘zbekiston bozoriga ikkinchi marta kirish hisoblanadi. Avval, 2020 yilda «O‘zavtosanoat» va «Volkswagen Group Rus» Jizzax erkin iqtisodiy zonasida yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Ammo kompaniya Rossiya-Ukraina urushi ortidan Rossiya bozoridan chiqib ketgan va o‘sha davrdan so‘ng O‘zbekistondagi faoliyati sekinlashgan edi.
Ayni paytda «Alyans Auto» — «Volkswagen», «Skoda» va «Jetta» brendlarining rasmiy distribyutori sifatida faoliyat yuritmoqda. Yangi hamkorlik orqali «Volkswagen» O‘zbekistonda o‘z mavqeini mustahkamlashni rejalashtirmoqda.
SEO title:
Meta description:





