
O‘zbekistonda yarim yilda 7 mingdan ortiq narkojinoyat aniqlandi
23.07.2025 | 15:157443
Joriy yilning birinchi yarmida 7 300 dan ziyod giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat aniqlandi. Eng ko‘p holat giyohvand moddalarni saqlash va tarqatish bilan bog‘liq bo‘lgan.

O‘zbekistonda 2025 yilning birinchi yarmida giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq jinoyatlar soni keskin oshdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 6 oy ichida 7 311 ta narkojinoyat qayd etilgan.
Aniqlangan jinoyatlarning 38 foizi giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadisiz saqlash, yana 38 foizi esa ularni tarqatish bilan bog‘liq bo‘lgan. Qolgan holatlar — taqiqlangan ekinlarni yetishtirish (13 foiz) va boshqa turdagi jinoyatlar (10 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi ma’lumotiga ko‘ra, yarim yilda 1,6 tonna giyohvand moddalar, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilgan. Ularning 61 foizi “gashish”, 19 foizi “opiy”, 12 foizi “marixuana” va qolgani boshqa moddalardir.
Shu bilan birga, xususiy shifoxonalarga yangi vakolatlar berilishi nazarda tutilmoqda. Xususan, foydalanilgan giyohvandlik vositalaridan bo‘shagan ampulalarni yo‘q qilish huquqi endi ularga ham beriladi. Ilgari bunday ampulalar faqat davlat tibbiyot muassasalari orqali shartnoma asosida yo‘q qilinardi. Bu esa xususiy tibbiyot muassasalari uchun qo‘shimcha xarajatlar keltirib chiqarardi.
Yangi tartib xususiy shifoxonalarning tashkiliy va moliyaviy yukini kamaytirishga qaratilgan. Shu orqali sohaga nisbatan yuzaga kelayotgan byurokratik to‘siqlar kamaytirilishi mumkin.





