O‘zbekistondagi xonandalar qancha daromad topmoqda?
O‘zbekistonda 1 100 nafar litsenziyali xonandaning daromad deklaratsiyalari tahlil qilinib, qancha to‘layotgani ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda 2025 yil boshidan 2026 yil 1-mayigacha 1 100 nafar litsenziyali xonanda o‘z daromadlarini deklaratsiya qildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning 3 oyida san’atkorlar jami 6 mlrd 478 mln so‘m daromad ko‘rsatgan.
Shundan 5,1 mlrd so‘m soliqqa tortiladigan daromad sifatida qayd etilgan bo‘lib, umumiy hisobda 599,7 mln so‘m daromad solig‘i hisoblangan. Bu raqamlar mamlakatdagi ijodkorlarning rasmiy daromadlari hali ham nisbatan past ekanini ko‘rsatadi.
Xonandalar daromad hajmiga qarab uch guruhga ajratilgan. Eng yuqori guruhdagi 47 nafar san’atkor 1,5 mlrd so‘m daromad ko‘rsatgan. Ikkinchi guruhdagi 100 nafar ijodkor 901,4 mln so‘m, uchinchi guruhdagi 953 nafar esa 4,1 mlrd so‘m daromad qayd etgan.
Tafsilotlar shuni ko‘rsatadiki, ko‘pchilik xonandalarning yillik daromadi juda kam. Masalan, 375 nafar ijodkor yiliga 1 mln so‘mgacha daromad ko‘rsatgan. Yana 576 nafar xonanda 10 mln so‘mgacha, 102 nafar esa 20 mln so‘mgacha daromad topganini bildirgan.
Yuqori daromadli xonandalar soni esa ancha kam. Faqat 7 nafar san’atkor yiliga 152 mln so‘mgacha daromad topganini ko‘rsatgan. Ushbu toifadagi ijodkorlar o‘rtacha 10,7 mln so‘m soliq to‘lashi qayd etilgan.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, deklaratsiya topshirgan xonandalar 2026 yil 1-iyunga qadar hisoblangan soliqlarni to‘lab berishlari shart.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Adliya vazirligi Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni soliqqa tortish va hisobini yuritish tizimini soddalashtirish to‘g‘risidagi qaror loyihasi e’lon qilingandi. Hujjatga ko‘ra, joriy yilning 1-sentabridan boshlab ijodiy faoliyat bilan bog‘liq barcha xizmatlar soliq organlarining maxsus ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart bo‘ladi.





