
O‘zbekistonga eng ko‘p apelsinlar qaysi davlatlardan import qilinmoqda?
2025 yilda mamlakatga qariyb 24 ming tonna apelsin olib kirilib, import hajmi o‘tgan yilga nisbatan o‘sdi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonga 11 ta xorijiy davlatdan jami 23,8 ming tonna apelsin import qilingan. Ushbu mahsulotlarning umumiy qiymati qariyb 12 million AQSH dollarini tashkil etgan.
Qayd etilishicha, apelsin importi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,8 foizga oshgan. Bu ichki bozorda sitrus mevalariga bo‘lgan talabning barqaror saqlanayotgani hamda savdo aloqalarining kengayayotganini ko‘rsatadi.
Statistikaga ko‘ra, 2025 yilning 11 oyi davomida O‘zbekistonga eng ko‘p apelsin yetkazib bergan davlat Eron bo‘lgan. Ushbu mamlakat hissasiga 12,2 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan bo‘lib, importning yarmidan ortiq qismini tashkil etgan.
Ikkinchi o‘rinda Birlashgan Arab Amirliklari qayd etilgan. BAAdan O‘zbekistonga 3,6 ming tonna apelsin olib kirilgan. Uchinchi o‘rinni esa Misr egallab, ushbu davlatdan 2,9 ming tonna apelsin import qilingan.
Shuningdek, Xitoydan 2,3 ming tonna, Janubiy Afrika Respublikasidan esa 2 ming tonna apelsin yetkazib berilgan. Qolgan davlatlar hissasi jami 813,6 tonnani tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida 62 ta davlatdan jami 1,1 mln tonna mandarin import qilingani haqida xabar bergandik.





