Logo

O‘zbekistonlik futbol muxlislarining yarmidan ko‘pi AQSH vizasini ololmadi

Bugun 13:552 daqiqa

JCH—2026 o‘yinlarini stadiondan kuzatishni rejalashtirgan minglab muxlislar, jumladan o‘zbekistonliklar ham AQSH vizasini olishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda.

O‘zbekistonlik futbol muxlislarining yarmidan ko‘pi AQSH vizasini ololmadi © Husniddin Ato

Jahon chempionati—2026 musobaqasiga mezbonlik qilayotgan AQSH, Kanada va Meksikadagi qat’iy immigratsiya qoidalari ko‘plab futbol muxlislari uchun turnirni joyida tomosha qilish imkoniyatini cheklamoqda. BBC tahlillariga ko‘ra, mundial ishtirokchilarining chorak qismidan ortig‘i sayohat taqiqlari yoki viza rad etish ko‘rsatkichlari bilan yuzlashmoqda.

Xususan, AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, JCH—2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan 11 davlat fuqarolari uchun viza rad etish darajasi 40 foizdan yuqori. O‘zbekiston ham mazkur ro‘yxatdan o‘rin olgan davlatlar qatorida bo‘lib, o‘zbekistonlik arizachilarning yarmidan ko‘prog‘i AQSH vizasini ololmagan.

Iroqlik muxlis Abdulla Adnan misoli muammoning amaliy ko‘rinishini namoyon etmoqda. U Boston va Filadelfiyadagi o‘yinlarga chipta sotib olgan bo‘lsa-da, AQSHning Iroqdagi konsullik xizmati to‘xtatilgani va Iordaniyadagi elchixona uni qabul qilmagani sababli safar rejasini amalga oshira olmagan. Natijada u qariyb 1800 dollar zarar ko‘rgan.

Qat’iy siyosat ta’siri

Mutaxassislar vaziyatni Donald Tramp ma’muriyati olib borayotgan qat’iy immigratsiya siyosati bilan bog‘lamoqda. Sayohat cheklovlari qo‘llanilayotgan davlatlar qatorida Gaiti, Eron, Senegal va Kot-d’Ivuar ham bor. Bu mamlakatlar fuqarolari uchun AQSH vizasini olish ancha mushkullashgan.

JCH—2026 musobaqasi AQSH, Kanada va Meksika hamkorligida o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, 104 ta o‘yinning 78 tasi, jumladan final bahsi ham AQSH shaharlarida tashkil etiladi.

FIFA muxlislarga konsulliklarda navbatni tezlashtirish maqsadida «FIFA Pass» tizimini joriy etgan. Biroq ekspertlar bu hujjat viza tasdiqlanishini kafolatlamasligini ta’kidlamoqda. AQSH rasmiylari esa tekshiruvlarni milliy xavfsizlik va noqonuniy migratsiya xavfini kamaytirish zarurati bilan izohlamoqda.

Boshqa mezbonlarda ham muammo

Viza bilan bog‘liq qiyinchiliklar faqat AQSH bilan cheklanmaydi. Musobaqaning boshqa mezbonlari — Kanada va Meksikada ham ayrim mamlakatlar fuqarolari uchun ma’muriy to‘siqlar saqlanib qolmoqda.

Masalan, Meksikaning O‘zbekiston, Iroq, Senegal va Kot-d’Ivuar kabi sakkiz ishtirokchi davlatda diplomatik vakolatxonasi yo‘q. Bu esa mazkur mamlakatlar muxlislari uchun viza rasmiylashtirish jarayonini yanada murakkablashtirib, JCH—2026 o‘yinlariga borish imkoniyatini pasaytirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati 11-iyun kuni boshlanib, 19-iyulga qadar davom etadi.

Teglar

Mavzuga oid