add

O‘zbekistonlik mutaxassislar Akkuyu AES qurilishiga yo‘naltiriladi

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi yangi kelishuv doirasida 1,5 ming nafar mutaxassis Turkiyada ish bilan ta’minlanadi.

O‘zbekistonlik mutaxassislar Akkuyu AES qurilishiga yo‘naltiriladi

O‘zbekiston Turkiyada qurilayotgan ilk atom elektr stansiyasi — Akkuyu AES loyihasida ishlash uchun 1,5 ming nafar malakali mutaxassisni joriy yil yakuniga qadar yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston Migratsiya agentligi Turkiyaning Arya rekruting tashkiloti bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolagan. Hujjat o‘zbekistonlik fuqarolarning kasbiy malakalarini baholash va ularni Turkiyada rasmiy ish bilan ta’minlashga qaratilgan.

Kabiy tayyorgarlik markazlari

Kelishuvga muvofiq, Toshkent shahrida, shuningdek, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida kasbiy tayyorgarlik va malaka baholash markazlari tashkil etiladi. Ushbu markazlarda nomzodlarning kasbiy ko‘nikmalari turk standartlari asosida baholanadi va Turkiyada ishlash uchun xalqaro darajada tan olinadigan sertifikatlar beriladi.

photo_2026-01-29_14-45-10

Markazlar 25 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritadi. Bu orqali Akkuyu AES qurilishida ishtirok etadigan o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasi va mehnat bozori talablariga mosligi ta’minlanadi.

Mazkur tashabbus Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayevning Turkiyada Arya tashkiloti rahbariyati bilan o‘tkazgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha amalga oshirildi. Tomonlar o‘zbekistonlik fuqarolarni Turkiyada ishga joylashtirishda shaffof va tizimli mexanizmlarni joriy etishga kelishib olgan.

photo_2026-01-29_14-47-02

Eslatib o‘tamiz, 29-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiyada Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishini o‘tkazgan edi. Yig‘ilishda Qo‘shma bayonot hamda Keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi hamkorlik mexanizmlari to‘g‘risidagi qaror imzolangan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonlik mutaxassislar Akkuyu AES qurilishiga yo‘naltiriladi | Vaqt.uz