add

O‘zbekistonning to‘lov balansi: I chorakda defitsit keskin qisqardi, kapital oqimi esa ortib bormoqda

07.07.2025 | 10:0014754

O‘zbekistonning 2025 yil birinchi choragi to‘lov balansi natijalari mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyatida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsatdi. Joriy operatsiyalar hisobining defisiti 160,7 mln dollarni tashkil etdi.

O‘zbekistonning to‘lov balansi: I chorakda defitsit keskin qisqardi, kapital oqimi esa ortib bormoqda
Solishtirish uchun: o‘tgan yilning shu davrida defitsit 2 mlrd dollar bo‘lgan edi, deb yozmoqda iqtisodchi Mikromil Xolboyev. Joriy operatsiyalar hisobidagi bunday o‘sish, birinchi navbatda, tovarlar eksportining 929 mln dollarga ko‘payishi va importning 416,9 mln dollarga qisqarishi bilan bog‘liq. Shuningdek, ikkillamchi daromadlar bo‘yicha mamlakatga tushgan pul oqimi 813,9 mln dollarga oshdi. Birlamchi daromadlar bo‘yicha tushumlar deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa, mamlakatdan chiqib ketgan pullar 245 mln dollarga oshgani qayd etildi. Ichiga Shu bilan birga, moliyaviy balansda ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Joriy operatsiyalar hisobining defitsiti kamayganiga qaramay, moliyaviy hisob bo‘yicha sof kapital oqimi 2,6 mlrd dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 mlrd dollarga yuqori. Bunday o‘sishga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar oqimi ikki baravar ortib, 752,4 mln dollarga yetishi va portfel investitsiyalari orqali 1,5 mlrd dollar miqdorida mablag‘ jalb qilinishi katta ta’sir ko‘rsatdi. Boshqa investitsiyalar bo‘yicha mamlakatning aktivlari 3,2 barobarga, ya’ni 791,8 mln dollarga oshgani moliyaviy hisobdagi sof oqimga ma’lum salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Biroq joriy operatsiyalardagi defisitning keskin qisqarishi va moliyaviy oqimlar oshishi tufayli mamlakat zaxira aktivlari 1,8 mlrd dollarga ortib, rekord ko‘rsatkich qayd etildi. Ta’kidlash joizki, to‘lov balansi statistikasi yuritila boshlangan 2005 yildan buyon birinchi chorakda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi bu yilgi kabi yuqori bo‘lmagan, deb xulosalaydi o‘z fikrlarini iqtisodchi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonning to‘lov balansi: I chorakda defitsit keskin qisqardi, kapital oqimi esa ortib bormoqda | Vaqt.uz