Logo

O‘zbekistonning yalpi tashqi qarzi bir yilda 20 foizga ortdi

Bugun 12:372 daqiqa

O‘tgan yilning dastlabki uch oyida umumiy tashqi qarz 68,4 mlrd dollar edi.

O‘zbekistonning yalpi tashqi qarzi bir yilda 20 foizga ortdi © Reuters

O‘zbekiston umumiy tashqi qarzining qoldig‘i joriy yil boshiga nisbatan o‘zgarishsiz saqlanib, 82,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida keltirilgan.

Ya’ni, joriy yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra ham respublikaning umumiy tashqi qarzi ana shunday summada edi. Umumiy tashqi qarz tarkibida davlat tashqi qarzi qoldig‘i 2025 yil davomida 40,5 mlrd dollarga yetgandi. Qarznin yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbati 2024 yil bilan solishtirilganda 0,4 foiz bandga kamayib, 27,5 foizni tashkil etgandi. Ammo o‘tgan yilning dastlabki uch oyida umumiy tashqi qarz 68,4 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, bir yillik davrda qarz 20 foizga, qariyb 13,8 mlrd dollarga ortdi.

Umumiy qarz tarkibida davlat tashqi qarzi 40,5 mlrd dollar, korporativ tashqi qarz esa 41,7 mlrd dollarga teng. Davlat zimmasidagi qarzlar miqdori bir yil ichida 4,7 mlrd dollarga, korxonalar qarzlari 9,1 mlrd dollarga ko‘paygan.

Markaziy bankka ko‘ra, korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor, jumladan tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb etilgan tashqi qarzlar aks ettiriladi. Bunda korporativ tashqi qarz bo‘yicha davlat majburiyati mavjud emas, ular bo‘yicha to‘lovlar xo‘jalik subyektlari hamda banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Kreditlar asosan imtiyozli shartlarda olingani sabab Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonning tashqi qarz yuki past darajada ekanini eslatib o‘tgan.

2026 yil uchun O‘zbekiston budjetiga oid qonunda hukumat nomidan tashqi qarzlarni jalb qilishning cheklangan hajmi 5 mlrd dollar etib belgilangan. Olingan kreditlarning yarmi davlat budjeti taqchilligini qoplashga, qolgan 2,5 milliard dollari investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyoda umumiy davlat qarzi 2025 yilda 111 trillion dollarga yetgani va qarzi eng ko‘p davlat kimlardan qarzdorligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid