«O‘zbekneftgaz» uch futbol klubini moliyalashtirishni bas qilmoqda

Kecha 12:152 daqiqa

Kompaniya O‘FAga rasmiy xat yuborgani haqida xabar tarqaldi. Agar xabarlar rasman tasdiqlansa, Superliga yangi mavsumi oldidan jiddiy o‘zgarishlar kutilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» uch futbol klubini moliyalashtirishni bas qilmoqda

«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga rasmiy xat yo‘llangani haqida rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlar tarqalmoqda. Unda kompaniya «Nasaf», «Buxoro» va «Bunyodkor» futbol klublarini moliyalashtirishni to‘xtatishi mumkinligi qayd etilgani aytilmoqda.

Vaqt.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot kotibi Mo‘min Ibodov bilan bog‘landi. U shaxsan vaziyatdan xabardor emasligini bildirdi. Tez orada bu borada jamiyatning rasmiy munosabati taqdim etilishini mumukin.

Hozircha ushbu axborot yuzasidan na «O‘zbekneftgaz» AJ, na O‘FA tomonidan rasmiy bayonot berilgan. Biroq xabar tasdiqlansa, bu Superliga klublari moliyaviy barqarorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, yangi mavsum startga 15 kun qolgan bir paytda bunday qaror klublar faoliyatini qayta ko‘rib chiqishga majbur etishi ehtimoldan xoli emas.

 

Klublar uchun ehtimoliy ta’sir

Moliyalashtirish to‘xtatilishi klublarning mavsumoldi tayyorgarligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi. Transfer siyosati, legionerlar bilan shartnomalar, murabbiylar shtabi va infratuzilma xarajatlari kabi yo‘nalishlar birinchi navbatda xavf ostiga tushishi mumkin.

Futbolda korporativ homiylik aksar hollarda futbol klublari uchun asosiy moliyaviy manba hisoblanadi. Shu bois bunday yirik kompaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlash qisqarishi Superligadagi muvozanatga ta’sir qilishi ehtimoldan xoli emas. Ayrim klublar qisqa muddatda yangi sarmoyador yoki homiy izlashga majbur bo‘lishi mumkin.

Avvalroq, «O‘zbekneftgaz»da 23-dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda kompaniyada transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, iqtisodiy blok faoliyatini tanqidiy tahlil qilish va ortiqcha xarajatlarni keskin qisqartirish vazifalari belgilab olingani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid