add

«O‘zbekneftgaz»ning 4 ta neft bazasi rahbarlari ishdan olindi

Kecha 17:062 daqiqa

«O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisi ishdagi kamchiliklari uchun 4 ta hududdagi neft bazalari rahbarlarini ishdan bo‘shatdi.

«O‘zbekneftgaz»ning 4 ta neft bazasi rahbarlari ishdan olindi

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov qator hududiy neft bazalari rahbarlarini egallab turgan lavozimlaridan ozod qildi. Bunga rahbarlarning 2025 yil davomida aniqlangan jiddiy kamchiliklari hamda bazalardagi moliyaviy-intizomiy holatning qoniqarsizligi sabab bo‘lgani qayd etilmoqda.

Kompaniya matbuot kotibi Mo‘min Ibodovning ma’lum qilishicha, bu qaror neft bazalari rahbarlari va mas’ul xodimlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish yakunida qabul qilingan. Unda neft bazalari faoliyatini sog‘lomlashtirish, soliq yukini optimallashtirish, ishchi-xizmatchilar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratish va o‘rtacha ish haqini oshirish masalalari muhokama qilingan.

Qayd etilishicha, Termiz, Jizzax, Maroqand hamda Kuchlik neft bazalari rahbarlari yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun lavozimlaridan ozod etildi. Xususan, Termiz neft bazasiga rahbarlik qilib kelgan G‘ayrat Norqobilov, Jizzax neft bazasi rahbari Muhammadali Umarov, Maroqand neft bazasi rahbari Anvar Ikromov hamda Kuchlik neft bazasi rahbari Elyor Xudayshukurov ishdan olingan.

Yig‘ilishda aholiga halollik, poklik va ochiqlik tamoyillari asosida xizmat ko‘rsatish, sifatli neft mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish kompaniya oldidagi ustuvor vazifalar ekani alohida ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, Abdug‘ani Sanginov 2025 yil 17-dekabrdan buyon «O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. U mazkur lavozimda Bahodirjon Sidiqov o‘rnini egallagan. Bunga qadar Sanginov 2017 yildan beri «O‘zbekgidroenergo» kompaniyasi raisi sifatida ishlab kelgan.

Eslatib o‘tamiz, 19-dekabr kuni bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda soha tanqid qilingan va neft-gaz yo‘nalishi uchun iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshid Mustafoyev mas’ul etib belgilangan. Yig‘ilishda Sanginov kompaniyani transformatsiya qilish, gaz qazib olishni barqarorlashtirish va burg‘ilash xarajatlarini 20 foizga qisqartirish, gazni chuqur qayta ishlashga ustuvorlik berish rejalarini ham ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid