add

O‘zini distribyutor deb tanishtirgan firibgar qo‘lga olindi

Bugun 13:552 daqiqa

Ijtimoiy tarmoqlar orqali katta daromad va’da qilgan shaxsning harakatlari ko‘plab fuqarolarga jiddiy moliyaviy zarar yetkazgan.

O‘zini distribyutor deb tanishtirgan firibgar qo‘lga olindi

Toshkent shahrida o‘zini yirik distribyutor va tadbirkor sifatida tanishtirib, fuqarolarni katta miqdorda pulga chaldirgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ma’lum qildi. Aytilishicha, ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 1986 yilda tug‘ilgan Xayrullo Shokirov ijtimoiy tarmoqlardagi Instagram, Telegram va YouTube platformalari orqali faoliyat yuritib, o‘zini yirik distribyutor sifatida ko‘rsatgan. U go‘yoki xorijdan anor sharbati va salqin ichimliklarni katta hajmda olib kirib, O‘zbekistondagi savdo tarmoqlariga yetkazib berish vakolatiga ega ekani haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatgan.

Shokirov fuqarolarga yuqori foizli daromad va’da qilib, ularning ishonchini qozongan. Tergov davomida u ishonchni suiiste’mol qilish va aldov yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda pul mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlangan. Natijada ko‘plab jabrlanuvchilarga katta moddiy zarar yetgan.

Mazkur holat bo‘yicha u Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, ya’ni juda ko‘p miqdorda firibgarlik sodir etish gumoni bilan javobgarlikka tortilgan. Sud qaroriga asosan, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Poytaxt IIBB fuqarolarga murojaat qilib, agar ushbu shaxsning harakatlaridan jabr ko‘rgan yoki ish bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotga ega bo‘lganlar bo‘lsa, tergov organlariga murojaat qilishni so‘radi. Qonunchilikka ko‘ra, juda ko‘p miqdorda firibgarlik uchun katta jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan.

«Hurmatli fuqarolar! Agar siz mazkur shaxsning jinoiy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu holatlar bo‘yicha biror ma’lumotga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasining 71-206-40-99, 71-206-42-52 raqamlariga yoki 102 qisqa raqami orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz», deyiladi poytaxt IIBB xabarida.

Teglar

Mavzuga oid