
Pensiya va yordam pullari avtomatik tarzda berilishi mumkin
O‘zbekistonda ayrim pensiya va ijtimoiy xizmatlarni fuqarolar murojaatisiz ham avtomatik tarzda ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda fuqarolar va tadbirkorlar uchun ayrim davlat xizmatlarini murojaatsiz, avtomatik tarzda taqdim etish amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu Adliya vazirligi tomonidan 2026 yil uchun ustuvor islohotlar va «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi loyihasida keltirilgan.
Yangi tartib
Hujjat loyihasiga ko‘ra, ayrim xizmatlar vakolatli organlar tashabbusi bilan, fuqarolarning ariza topshirishini talab qilmagan holda amalga oshirilishi mumkin. Loyihada jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqani avtomatik tayinlash nazarda tutilgan. Shuningdek, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larni murojaatsiz berish amaliyoti joriy etilishi mumkin.
Bundan tashqari, davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan ayrim ijtimoiy toifadagi talabalarga talabalar turar joyiga joylashish bo‘yicha yo‘llanmalar ham avtomatik ravishda beriladi. Gap mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar, shuningdek, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri», «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar haqida bormoqda.
Avvalroq kiritilgan o‘zgarishlar
Shu bilan birga, pensiyalarni proaktiv shaklda tayinlash amaliyoti allaqachon huquqiy jihatdan mustahkamlanmoqda. 2025 yil may oyida qabul qilingan qonun o‘zgarishlariga ko‘ra, erkaklar 60 yoshdan, ayollar esa 55 yoshdan pensiya to‘lovlarini avtomatik ravishda olishni boshlaydi. Pensiya tayinlash fuqaro pensiya yoshiga yetgan kuni axborot tizimlaridagi ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.
Avvalroq O‘zbekistonda pensiyadan ushlab qolish me’yorlarini qat’iy belgilash va jamg‘arib boriladigan tizim qayta ko‘rib chiqilishi haqida xabar bergandik.





