Pensiya yoshi oshirilishi, minimal ish staji 15 yilga yetkazilishi mumkin — farmon loyihasi
O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Vaqt.uz unda taklif etilayotgan o‘zgarishlar va yangi tartiblarni batafsil tushuntiradi.

O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish, pensiya tayinlash uchun zarur minimal ish stajini 15 yilga yetkazish, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga davlat tomonidan qo‘shimcha mablag‘ ajratish va fuqarolarga pensiya jamg‘armalarini investitsiya qilish imkonini berish taklif etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan pensiya hisob-kitobida inobatga olinadigan ish haqi davri bosqichma-bosqich uzaytirilib, 20 yilga yetkaziladi. Bunda fuqaroning eng past daromadli davrining 10 foizini pensiya hisob-kitobidan chiqarib tashlash tartibi joriy etilishi taklif qilinmoqda.
Shuningdek, yoshga doir pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal ish staji ham bosqichma-bosqich oshiriladi. Hozirgi 7 yillik minimal staj har yili bir yildan qo‘shib borilib, 2034-yilda 15 yilga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda minimal ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga umumiy belgilangan pensiya yoshidan besh yil o‘tgach yoshga doir nafaqa olish huquqini saqlab qolish taklif qilinmoqda.
Pensiya yoshi qanday o‘zgaradi?
Farmon loyihasida pensiya yoshini ham bosqichma-bosqich oshirish nazarda tutilgan.
Taklifga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan umumiy belgilangan pensiya yoshini bir yilga qisqartirgan holda pensiya tayinlash tartibi bekor qilinadi.
2028-yil 1-yanvardan esa pensiya yoshi har yili uch oydan oshirib boriladi. Natijada 2039-yilga borib erkaklar uchun pensiya yoshi 63 yoshga, ayollar uchun 58 yoshga yetkazilishi taklif etilmoqda.
Loyihada pensiya yoshini oshirish jarayonida pensiyaoldi yoshidagi fuqarolar uchun bir qator kafolatlar ham belgilanmoqda.
Jumladan, fuqaroning pensiyaoldi yoshi asos qilib ko‘rsatilib, uni ishdan bo‘shatish yoki ishga qabul qilishdan bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolar uchun pensiyaga ikki yil oldin muddatidan avval chiqish huquqi saqlanib qoladi.
Yerosti ishlarida, shuningdek, zararli va og‘ir mehnat sharoitlarida to‘liq ish kuni davomida ishlagan erkaklarga 50–55 yoshda, ayollarga esa 45–50 yoshda imtiyozli pensiyaga chiqish huquqi saqlanishi taklif etilmoqda.
Pensiya oluvchilarga tatbiq etiladigan soliq, transport va sog‘liqni saqlash sohasidagi imtiyozlar ham saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, erkaklarga 60 yoshdan, ayollarga 55 yoshdan jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini olish huquqini berish taklif qilinmoqda.
Kechroq pensiyaga chiqqanlarga qanday rag‘bat bo‘ladi?
Loyihada pensiya yoshiga yetganidan keyin ham ishlashni davom ettirayotgan va yuqori daromaddan ijtimoiy soliq to‘layotgan fuqarolar uchun qo‘shimcha rag‘bat choralari nazarda tutilgan.
2028-yil 1-apreldan birinchi marta pensiya tayinlashda ish haqining hisobga olinadigan yuqori chegarasini pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan 13 baravarigacha oshirish taklif qilinmoqda.
Agar fuqaro pensiyaga 6 oy kech chiqsa, ushbu chegara 14 baravargacha, 12 oy kech chiqsa, 15 baravargacha oshiriladi.
Jamg‘arib boriladigan pensiyaga davlat ham mablag‘ qo‘shadi
Farmon loyihasida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
2027-yil 1-yanvardan o‘rtacha oylik ish haqi pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravaridan kam bo‘lgan fuqarolar tomonidan jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga ixtiyoriy ravishda ish haqining 5 foizi miqdorida o‘tkazilgan mablag‘ga davlat budjeti hisobidan 50 foizgacha qo‘shimcha mablag‘ to‘lab berilishi taklif qilinmoqda.
Shuningdek, o‘rtacha oylik ish haqining pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravaridan yuqori qismidan 1 foiz miqdoridagi mablag‘ ijtimoiy soliq hisobidan fuqaroning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga yo‘naltiriladi.
Bu miqdorni 2033-yildan 2-foizga, 2040-yildan esa 3 foizga yetkazish taklif etilmoqda.
Fuqarolarga o‘z jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘larni investitsiya va moliyaviy vositalarga joylashtirishda ishtirok etish imkoniyati ham berilishi ko‘zda tutilgan.
Bunday investitsiyalardan olingan yillik daromad fuqaroning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘larga qo‘shib boriladi.
Pensiya jamg‘armasidan ipoteka va davolanish uchun foydalanish mumkin bo‘ladi
2030-yil 1-yanvardan boshlab jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘lardan og‘ir kasallikka chalinganda davolanish uchun hamda ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalanish huquqini berish taklif qilinmoqda.
Shu bilan birga, jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ida to‘plangan mablag‘lar, jumladan, davlat budjeti va ijtimoiy soliq hisobidan qo‘shimcha to‘langan mablag‘lar hamda investitsiyalardan olingan daromad fuqaroning shaxsiy mulki hisoblanishi belgilanmoqda.
Bu mablag‘larni meros qilib qoldirish huquqi ham saqlab qolinadi.
Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi Xalq bankidan Pensiya jamg‘armasiga o‘tkaziladi
2027-yil 1-yanvardan fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini AT «Xalq banki»dan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkazish taklif qilinmoqda.
Korxona va tashkilotlarga qo‘shimcha noqulayliklar kelib chiqishining oldini olish maqsadida jamg‘arib boriladigan pensiya badallari hisoboti va shaxsiy pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘lar hisobini yuritish 2027-yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich «Xalq banki»ning yagona elektron ma’lumotlar bazasidan Pensiya jamg‘armasi axborot tizimiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, Pensiya jamg‘armasi huzurida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish va barqaror pensiya tizimini yaratish bo‘yicha xalqaro konsultantlardan iborat loyiha ofisi tashkil etilishi taklif qilinmoqda.
Xususiy va korporativ pensiya jamg‘armalari tashkil etilishi mumkin
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 2027-yil yakuniga qadar xususiy va korporativ pensiya jamg‘armalarini tashkil etish hamda ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklanishi taklif etilmoqda.
Bunda fuqarolarning keksalikda moliyaviy barqarorligini mustahkamlash uchun mablag‘larni ixtiyoriy jamg‘arish bo‘yicha moliya bozorida raqobat muhitini shakllantirish va fuqarolarga mustaqil tanlov imkonini berish maqsad qilingan.
Shuningdek, fuqarolarning Pensiya jamg‘armasiga ajratmalarini shartli va shaxsiy hisobga olish, davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash va kelajakdagi pensiyani fuqaroning o‘zi jamg‘arishiga asoslangan tizimni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha alohida farmon loyihasini ishlab chiqish taklif qilinmoqda.
O‘zini o‘zi band qilganlar uchun ham o‘zgarishlar bo‘ladi
2027-yil 1-yanvardan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliqni qat’iy belgilangan tartibda to‘lash tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.
Ularga ijtimoiy soliqni yil davomida bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘lagan ijtimoiy soliqning 10 foizi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar hisobidan belgilangan tartibda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lanadi.
Bundan tashqari, 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish vaqti joriy etish taklif qilinmoqda.
Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlashda esa 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklardan rasmiy daromad talab qilinmasligi ko‘zda tutilgan.
Pensiya tizimi xarajatlarining bir qismi davlat budjeti hisobidan qoplanadi
2027-yil 1-yanvardan fuqaroning ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan, biroq ijtimoiy soliq va Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lanmagan davrlar, shuningdek, pensiyalarni eng kam miqdorlarga yetkazish, pensiyalarga ustama va qo‘shimcha to‘lovlarni moliyalashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni davlat budjeti hisobidan qoplash tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.
Shu bilan birga, korxona va tashkilotlarga ijtimoiy soliq bo‘yicha yangi imtiyozlar berishga yo‘l qo‘yilmasligi, amaldagi imtiyozlarni esa 2030-yil 1-yanvardan bekor qilish taklif etilmoqda.
Pensiya tizimidagi islohotlar qachon kuchga kiradi?
Hozirda mazkur hujjat Prezident farmoni loyihasi hisoblanadi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Loyihada belgilangan choralarni amalga oshirish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 2026-yil 1-dekabrga qadar «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunlar hamda Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklanishi nazarda tutilgan.
Demak, loyihada keltirilgan pensiya yoshi, ish staji va boshqa tartiblar hozircha amaldagi qoidalarni o‘zgartirgan emas. Ularning kuchga kirishi uchun belgilangan tartibda hujjatlar qabul qilinishi kerak.
Farmon loyihasida, shuningdek, pensiya tizimi bo‘yicha aholining moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida mahallalarda har oy «Pensiya kuni» o‘tkazish va qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish ham taklif qilinmoqda.





