Rog‘un GES uchun milliard dollarlik shartnoma tayyorlanmoqda
Jahon bankining yangi xaridlar rejasi Rog‘un qurilishining qaysi bosqichda ekani, hali qanday yirik ishlar bajarilishi kerakligi va xalqaro moliya tashkilotlari bu jarayonda qanday rol o‘ynayotganini ko‘rsatadi. Xalqaro kreditorlar uchun Rog‘un loyihasi Markaziy Osiyoning umumiy energetika tizimi uchun ham muhim hisoblanadi. Ammo O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Rog‘un qurilishiga qarshi chiqqandi. U Rog‘un va Qambarota gidrostansiyalari loyihalari ustida xalqaro tekshiruv o‘tkazilishi zarurligini ta’kidlagan.
© Foto: centralasianlight.orgJahon bankining Rog‘unni barqaror moliyalashtirish loyihasi bo‘yicha yangilangan xaridlar rejasida Rog‘un GESining o‘ng qirg‘og‘ida qolgan inshootlarni qurish (Lot 3A) uchun qiymati taxminan 1 milliard dollar bo‘lgan xalqaro shartnoma ko‘zda tutilgan. Hujjat 2026-yil 6-sentabrda e’lon qilingan.
Unda ushbu xarid jarayoni hozir amalga oshirilayotgan bosqichda ekani, shartnomani yakunlash muddati esa 2028-yil 4-fevral etib belgilangan. Lot 3A Rog‘un GESining o‘ng qirg‘og‘ida hali qurilishi kerak bo‘lgan inshootlarni o‘z ichiga oladi. Bu ishlar qatoriga gidrotexnik inshootlar, suv tashlash qurilmalari, ularga bog‘liq tonnellar hamda gidromexanik uskunalar kiradi.
Shartnoma doirasida o‘ng qirg‘oqdagi boshqa zarur qurilish ishlari ham amalga oshiriladi. Jumladan, tog‘ yonbag‘irlarini qazish va mustahkamlash hamda inshootlar majmuasini barpo etish uchun kerak bo‘ladigan boshqa ishlar bajariladi. Avval bu ishlar boshqa bir xarid paketi tarkibida bo‘lgan. Uning taxminiy qiymati 1,3 milliard dollardan ortiq edi. Biroq avvalgi xarid jarayoni bekor qilingan. Shundan so‘ng Jahon banki o‘ng qirg‘oqda qolgan inshootlarni yangi Lot 3A paketiga kiritdi va uning taxminiy qiymatini 1 milliard dollar qilib belgiladi. Yangi reja Lot 3A bo‘yicha xarid jarayoni allaqachon bir necha bosqichdan o‘tganini ko‘rsatmoqda.
Ishtirokchilarni dastlabki saralash 2025-yilning oxiriga rejalashtirilgan edi. Keyingi bosqichlar esa 2026-yilda davom etgan. Yangilangan rejada shartnomani imzolash sanasi sifatida 2026-yil 13-avgust ko‘rsatilgan. Ishlarni yakunlash muddati esa 2028-yil 4-fevral deb belgilangan. Demak, yangi hujjat Rog‘undagi eng yirik qolgan qurilish paketlaridan biri bo‘yicha ishlar ancha oldinga siljiganini ko‘rsatadi.
Avvalroq loyiha guruhi ham xalqaro kompaniyalarni o‘ng qirg‘oqda qolgan inshootlarni qurish ishlarida qatnashish uchun dastlabki saralashdan o‘tishga taklif qilgan edi.
Nega qiymat o‘zgardi?
Avvalgi xaridlar rejasida Lot 3A qiymati 1,3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yirik paket sifatida ko‘rsatilgan va xarid jarayoni bekor qilingan edi. Yangilangan rejada esa «Lot 3A – Remaining right bank structures», ya’ni «O‘ng qirg‘oqda qolgan inshootlar» deb nomlangan yangi paket paydo bo‘lgan. Uning taxminiy qiymati 1 milliard dollar. Shuning uchun 1 milliard dollarni avvalgi 1,385 milliard dollar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirib, «Rog‘un qurilishi 385 million dollarga arzonlashdi» deb aytish to‘g‘ri emas. Chunki xarid paketi va uning tarkibidagi ishlar o‘zgargan. Qurilish ishlarini moliyalashtirish bilan bir qatorda xalqaro hamkorlar Rog‘un loyihasiga texnik yordam ham ko‘rsatmoqda.
Jahon banki avvalroq Rog‘un loyihasiga texnik yordam berish uchun 15 million dollar grant ajratishni ma’qullagan edi. Bu mablag‘ loyihaning moliyaviy va tijoriy modelini yaxshilash, texnik tayyorgarlikni kuchaytirish va loyihani amalga oshiruvchi guruhning imkoniyatlarini oshirishga yo‘naltirilgan. Shuningdek, mablag‘lar ekologik va ijtimoiy standartlarga rioya qilish, loyihaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga tayyorgarlik ko‘rish va boshqa zarur yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatiladi.
Xalqaro hamkorlar nazoratni kuchaytirmoqda
Xalqaro moliya tashkilotlari uchun faqat qurilishning narxi muhim emas. Ular ishlarni texnik jihatdan xavfsiz bajarilishi, qurilish sifati, ekologik va ijtimoiy talablarga rioya qilinishi hamda xarid jarayonlarining ochiq va shaffof bo‘lishiga ham e’tibor beradi. Shu sababli loyiha doirasida xalqaro konsultantlar va texnik maslahatchilar ham ishlamoqda. Ular shartnomalarni boshqarish, xarid jarayonlari, texnik ekspertiza va loyihaning bajarilishini nazorat qilishda yordam berishi kerak. Jahon bankining yangilangan xaridlar rejasida Rog‘unni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa konsalting xizmatlari ham ko‘zda tutilgan.
Yana qancha pul kerak?
Rog‘un Tojikistondagi eng yirik infratuzilma loyihalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Uni yakunlash uchun hali ham milliardlab dollar kerak. Avgust oyida «S&P Global Ratings» Rog‘unni yakunlash uchun qolgan mablag‘ ehtiyojini taxminan 5,8 milliard dollar deb baholagan. Agentlik hisob-kitobiga ko‘ra, Tojikiston xalqaro hamkorlardan allaqachon mablag‘ olgan bo‘lsa-da, loyihani yakunlash uchun yana katta miqdorda mablag‘ topishi kerak.
Shunday qilib, 1 milliard dollarlik shartnoma Rog‘unni to‘liq yakunlash uchun kerak bo‘ladigan umumiy mablag‘ning faqat bir qismidir.
Qurilishning yangi bosqichlari
Rog‘un GESi Vaxsh daryosida qurilmoqda. Loyiha yakunlangach, elektr stansiyasining umumiy quvvati 3780 MVt bo‘lishi kerak. Avgust oyida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon qurilish boshlanganidan beri loyihaga 60,3 milliard somoniy sarflanganini ma’lum qilgan. Hozir qurilishda 20 mingdan ortiq ishchi va muhandis-texnik xodim ishlamoqda. Uning topshirig‘iga ko‘ra, 2027-yilda to‘g‘on balandligi 1185 metrga yetkazilishi, suv omboridagi suv sathi esa kamida 1165 metr bo‘lishi kerak. Shuningdek, 2027-yil sentabriga qadar 4-agregatni ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan.
Rog‘un qurilishi davlat mablag‘lari va xalqaro moliya tashkilotlarining yordami hisobidan moliyalashtirilmoqda. Jahon banki loyihaning asosiy xalqaro hamkorlaridan biridir. Bank hujjatlarida Rog‘unning barqaror moliyaviy modelini yaratish, xalqaro ekologik va ijtimoiy standartlarga rioya qilish, xarid jarayonlarini shaffof olib borish hamda gidrotexnik inshootlarning xavfsizligini ta’minlash zarurligi ta’kidlangan. Xalqaro kreditorlar uchun Rog‘un loyihasi nafaqat Tojikiston energetikasi, balki Markaziy Osiyoning umumiy energetika tizimi uchun ham muhim hisoblanadi.
Yangi hujjat nimani anglatadi?
6-sentabrda e’lon qilingan xaridlar rejasi Rog‘undagi eng yirik qolgan qurilish paketlaridan biri amalga oshirishning aniq bosqichiga o‘tganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ishlarning yakuniy qiymati va ularni bajarish shartlari xarid jarayoni natijalariga bog‘liq bo‘ladi. Jahon bankining ushbu hujjati Tojikistonga 1 milliard dollarlik yangi kredit yoki grant ajratildi, degani emas. Rog‘un uchun bu loyiha doirasidagi navbatdagi yirik qadamdir. Ushbu ishlar o‘ng qirg‘oqda qolgan muhim inshootlarni qurish va elektr stansiyasini to‘liq loyiha quvvatiga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
GES qurilishiga bir paytlar Karimov qarshi chiqqan
Tojikiston – O‘zbekistonning qo‘shnisi. Markaziy Osiyoda joylashgan tog‘li davlat. Ilgari O‘zbekiston kabi SSSR tarkibida bo‘lgan bu mamlakat dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas. Hududining 93 foizi tog‘li bo‘lib, foydali qazilmalar zaxiralari mavjud bo‘lsa-da, ularni qazib olish va tashish katta xarajat va mashaqqat talab qiladi. Tojikistonda Markaziy Osiyodagi barcha suv resurslarining qariyb 60 foizi hosil bo‘lishiga qaramay, qishda bu yerda elektr tanqisligi kuchayadi. Chekka hududlar tom ma’noda zulmat ichida qoladi. Ana shu energetik muammolarni hal qilish uchun Tojikiston hukumati Rog‘un GESini barpo etishga kirishgan.
Loyiha Tojikiston uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega, ammo bu ulkan inshoot mintaqadagi boshqa davlatlar, jumladan, o‘zbekistonliklar uchun xavfli sanaladi. Orolning qurishi, kasalliklar, O‘zbekistonning Tojikiston bilan chegara hududida yuzaga keladigan ulkan suv toshqinlari – bularning hammasini birgina Tojikistonning Rog‘un GESi keltirib chiqarishi mumkin.
1991-yildan keyin O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Rog‘un GES qurilishiga qarshi chiqqan. U seysmik jihatdan xavfli hududda dunyodagi eng baland to‘g‘on paydo bo‘lishidan xavotir bildirgan.
2012-yil Qozog‘istonga tashrif buyurgan Islom Karimov Prezident Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tojikistondagi Rog‘un va Qirg‘izistondagi Qambarota GESlari qurilishi borasida alohida to‘xtalgan.
Qozog‘iston matbuotining yozishicha, Islom Karimov Rog‘un va Qambarota gidrostansiyalari loyihalari ustida xalqaro tekshiruv o‘tkazilishi zarurligini ta’kidlagan.





