
Petro va Tramp murosaga keldi
Kolumbiya prezidenti Oq uyda bo‘ldi. Uzoq davom etgan tortishuv, tanqid va tahdidlardan so‘ng ikki davlat yetakchilari til topishdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp va Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro kecha, 3-fevral kuni ilk yuzma-yuz uchrashuvi samimiy ruhda o‘tganini ma’lum qildi. Bu holat ayrim tahlilchilar va maslahatchilarning, ikki yetakchi oylar davomida o‘zaro keskin bayonotlar almashib kelgani va mutlaqo turli mafkuraviy qarashlarga ega ekani sababli, ular til topisha olmasligi haqidagi xavotirlarini rad etdi.
Petro Oq uyga ayrim xorijiy yetakchilarga xos ommaviy tantanalarsiz tashrif buyurdi, taxminan ikki soat davom etgan uchrashuvga ommaviy axborot vositalari kiritilmadi. Uchrashuvdan keyingi alohida bayonotlarda har ikki yetakchi aniq kelishuvlarga erishilganini ochiq aytmadi, biroq suhbatni ijobiy ohangda baholadi.
Jurnalistlar Kolumbiyadan kelayotgan narkotik oqimlariga qarshi kurash bo‘yicha kelishuvga erishildimi, deb so‘raganida, Tramp ikki tomon bu masala ustida ishlayotganini aytdi.

«Ha, ishladik. Bu masala ustida ish olib bordik va juda yaxshi til topishdik. U bilan men ilgari yaqin do‘st emas edik, lekin men hech qachon haqoratlanganman deb hisoblamaganman, chunki uni umuman tanimasdim”.
Uchrashuvdan so‘ng Petro X ijtimoiy tarmog‘ida Tramp tomonidan qo‘lyozma shaklida yozilgan quyidagi so‘zlar tushirilgan suratni joyladi:
“Gustavo – katta sharaf – men Kolumbiyani sevaman”.
Suratda ikki yetakchi qo‘l berib ko‘rishib, tabassum qilib turgani aks etgan.
«Matbuot va ijtimoiy tarmoqlar orqali mening g‘oyalarimga ziddek tuyulgan jihatlarni ko‘rdim, lekin uchrashuvning o‘zida bunday holatlarni sezmadim. Menimcha, qarama-qarshiliklar undan ko‘ra boshqa amaldorlar bilan ko‘proq bog‘liq edi», – dedi Petro Kolumbiyaning «Caracol» radiostansiyasiga bergan intervyusida.

Petro Trampdan Kolumbiya hududidan tashqarida yashiringan yirik narkotrafikerlarni qo‘lga olishda yordam so‘raganini bildirdi.
Shuningdek, u AQSH prezidentidan Kolumbiya va qo‘shni Ekvador o‘rtasidagi diplomatik nizoni hal etishda vositachilik qilishni so‘ragan. Ekvador prezidenti Daniel Noboa Trampning qat’iy ittifoqchisi hisoblanadi. Petroning aytishicha, Tramp Noboaga qo‘ng‘iroq qilishga rozi bo‘lgan.
Yetakchilar bir-birini keskin tanqid qilib kelgan
Lotin Amerikasida AQSH ustunligini ta’minlash istagini bir necha bor bildirgan Tramp so‘nggi oylarda 2022 yilda Kolumbiya prezidenti etib saylangan, sobiq antiimperialist partizan bo‘lgan Petro bilan munosabatlarda ko‘tarilish va pasayishlarni boshdan kechirdi.
Oktyabr oyida Tramp hech qanday dalil keltirmasdan Petroni “noqonuniy narkotiklar yetakchisi” deb atagan, yanvar oyida esa narkotik savdosini nazorat qila olmayapti, deb ayblab, Kolumbiyaga qarshi harbiy choralar ko‘rish imkoniyatini tilga olgan.

Petro esa Trampni keskin tanqid qilib kelgan. U Tramp ma’muriyati tomonidan narkotik tashuvchi deb gumon qilingan kemalarga berilgan o‘limli zarbalarni harbiy jinoyatlar, deb atagan va o‘tgan oyda AQSH tomonidan Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni ag‘darishga qaratilgan operatsiyani “o‘g‘irlab ketish” deb ta’riflagan.
Yanvar oyida ikki yetakchi telefon orqali muloqot o‘tkazib, uni ijobiy baholagan. Bu kutilmagan iliqlashuv Petroning Vashingtonga taklif etilishiga olib kelgan. Tramp 2-fevral kuni jurnalistlarga Petroning so‘nggi paytdagi ohangi o‘zgarganini, Maduro bilan bog‘liq reyddan so‘ng u ko‘proq murosaga moyil bo‘lib qolganini aytdi.
“Dizayn juda ajoyib edi”
Xorijiy yetakchilar uchun Tramp bilan uchrashuvlar ko‘pincha murakkab kechadi va ko‘plab rahbarlar prezident hamda uning maslahatchilari bilan keskinlikni yumshatish uchun maqtov yo‘lini tanlaydi. Karerasining deyarli barcha davrida Vashingtonga qarshi tanqidiy pozitsiyada bo‘lib kelgan Petro ham oxir-oqibat shu uslubga murojaat qildi.
Oq uy tarqatgan suratlardan birida Petroning yordamchisi quyidagi yozuv tushirilgan bukletni ushlab turgani ko‘rinadi:
«KOLUMBIYA: narkoterrorizmga qarshi AQSHning №1 ittifoqchisi».
Uchrashuvdan keyin radiointervyuda Petro Tramp tomonidan yangilangan Oval kabinet dizaynini, asosan oltin rangli bezaklar bilan boyitilgan intererni, yuqori baholadi.
«Bu safar ancha chiroyli edi. Men unga yaxshi dizayner ekanini aytdim. Dizayn juda ajoyib edi», – dedi Petro.
Tramp jurnalistlarga ikki yetakchi sanksiyalar masalasida ham ish olib borayotganini aytdi, biroq tafsilot bermadi. Ayni paytda Petroning o‘zi ham AQSH sanksiyalari ostida: Tramp ma’muriyati oktabr oyida uni narkotik savdosi bilan aloqador, degan isbotlanmagan ayblovlar asosida sanksiyalarga tortgan, bu ayblovlarni Petro rad etgan.
Tahlilchilarning aytishicha, agar ikki yetakchi o‘rtasida barqaror yaqinlashuvga erishilmaganida, bu mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi. Kolumbiya dunyoda koka – kokainning asosiy xomashyosi – eng ko‘p ishlab chiqariladigan davlat hisoblanadi va mamlakat hududida AQSH tomonidan terroristik deb e’lon qilingan bir qator guruhlar faoliyat yuritadi.
Shu bilan birga, Kolumbiya uzoq yillar davomida Vashingtonning mintaqadagi eng ishonchli ittifoqchilaridan biri bo‘lib, narkotik oqimlarini shimolga yo‘nalishda cheklashda AQSH ma’muriyatlari bilan yaqin hamkorlik qilib kelgan.
Petro davrida mamlakatda koka ishlab chiqarish o‘sgan, biroq aniq raqamlar bo‘yicha bahslar mavjud. Bogota hukumati majburiy yo‘q qilish siyosatidan – u tirikchilik qilayotgan dehqonlarga zarar yetkazishi mumkin – voz kechilganini, biroq musodaralar va zamonaviy to‘sish choralari kuchaytirilganini ta’kidlamoqda.
O‘tgan hafta Petro kolumbiyalik muhojirlarni Chili, Argentina va AQSHdan qaytishga chaqirib, aks holda ular “qullardek” munosabatga duch kelishini aytgan. Shuningdek, u Gavanada yashash Mayamidan ko‘ra yaxshiroq ekanini bildirib, Mayamini tirbandlikka to‘la va madaniyatsiz shahar, deb ta’riflagan.





