Poraxo‘rlik jinoyati bilan qamalganlar muddatidan oldin ozod qilinmaydi
Senat korrupsiyaga qarshi javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni ma’qulladi. Endi pora bilan bog‘liq jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qo‘llanilmaydi.
© istock13-iyun kuni Senat yalpi majlisida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun ma’qullandi.
Hujjatga muvofiq, Jinoyat kodeksiga «korrupsiyaga oid jinoyatlar» atamasi kiritilib, mazkur toifaga kiruvchi jinoyatlarning aniq ro‘yxati belgilanadi. Qonun tashabbuskorlariga ko‘ra, bu amaliyotdagi turlicha talqinlar va terminologik chalkashliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish tartibini qo‘llash taqiqlanmoqda.
Firibgarlik va xususiy sektordagi pora uchun jazo kuchaytiriladi
Qonun bilan xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik uchun javobgarlik ham kuchaytirilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining 168-moddasi bo‘yicha mazkur qilmish og‘irroq toifaga o‘tkazilib, maksimal jazo muddati 8 yildan 10 yilgacha oshirilmoqda.
Bundan tashqari, nodavlat yoki xususiy tashkilot xodimini pora evaziga og‘dirib olish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun ham qat’iyroq javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Qonunga ko‘ra, bir qator jinoyatlarning «g‘arazgo‘ylik niyatlarida» sodir etilishi jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanadi.
Davlat xaridlari sohasida ham sanksiyalar kuchaytirildi
Hujjat doirasida «O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida»gi qonunga ham o‘zgartish kiritildi. Unga muvofiq, Hisob palatasining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi joriy etilishi ustidan nazorat qilish vakolati bekor qilindi.
Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlar davlat xaridlari va budjet tizimidagi qonunbuzilishlar uchun sanksiyalarni kuchaytirishni nazarda tutadi.





