
Psixotrop dori vositalarini dorixonalarda yashirib sotmoqchi bo‘lgan fuqaro qo‘lga olindi
U tarkibida ko‘p miqdorda pregabalin kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan psixotrop dori vositalarini biologik faol qo‘shimchalar idishlariga qadoqlab, kelgusida dorixonalarda sotish maqsad qilingan.

Biologik faol qo‘shimcha sifatida qadoqlangan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avvaldan kuzatuvda bo‘lgan poytaxtlik, 1970 yilda tug‘ilgan shaxsning Uchtepa tumanidagi yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Natijada uning uyida 1835 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, rasmiylashtirib olingan.
Aniqlanishicha, ayblanuvchi tarkibida ko‘p miqdorda pregabalin kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan ushbu psixotrop dori vositalarini biologik faol qo‘shimchalar idishlariga qadoqlab, kelgusida ularni yashirin tarzda dorixonalarda yashirib sotish maqsad qilgan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 251¹-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq narkojinoyatlar uchun javobgarlik choralari keskin kuchaytirilishi haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, ayrim jinoyatlar uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanadi.





