
Putin Trampga Donbassni to‘liq egallash niyatidan qaytmaganini ma’lum qilgan
16.08.2025 | 20:3036823
Vladimir Putin Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini o‘zgartirmagani ma’lum bo‘ldi. U Tramp bilan suhbatda Donbassning Kiyev nazoratida bo‘lib turgan hududlarini ham Moskvaga o‘tkazishni talab qilgan.

Bloomberg nashrining yozishicha, Tramp Yevropa yetakchilari va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muloqotda Putinning Alyaskada yana bir bor aytilgan bu talabini oshkor qilgan. Kremlning mazkur talabini Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff ham oldingi muzokaralardan so‘ng takrorlagan edi.
Rossiya Xerson va Zaporijjya oblastlarining hali bosib olinmagan qismlaridan voz kechishi mumkinligi aytilmoqda. Bu holat front chizig‘ini o‘sha yerlarda «muzlatib qo‘yish» ehtimolini anglatadi. Biroq Zelenskiy Rossiyaga Donbassning biror qismi berilmasligini qat’iy ta’kidlagan. Uning fikricha, bunday qadam Ukraina himoya chiziqlarini zaiflashtiradi va yangi hujum xavfini kuchaytiradi.
Yevropalik boshqa mansabdorlar esa Tramp Zelenskiyni hududiy imtiyozlarga majbur qilishi mumkinligidan xavotirda. Siyosatshunoslardan birining aytishicha, Trampning asosiy maqsadi «muzokaralar boshlandi» yoki «tinchlikka erishildi» degan siyosiy g‘alaba formulirovkasini qo‘lga kiritishdir.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, Tramp Ukraina xavfsizligiga kafolat berishga tayyorligini aytgan, lekin NATOdan tashqari yo‘llar bilan. Unga ko‘ra, Putin bunday taklifga qarshi chiqmasligi mumkin.
 





