
Putinning istaklariga ters o‘laroq, Rossiya armiyasi hujumi sekinlashdi
22.05.2025 | 09:406654
2025 yil boshidan beri Rossiya Ukrainada bor-yo‘g‘i 0,15 foiz hududni egallagan. Putin esa yil oxirigacha Luhansk, Donetsk, Zaporijjya va Xersonda to‘liq nazorat o‘rnatishni talab qilmoqda. Ammo frontda olg‘a siljish uch karra sekinlashgan.

Rossiya armiyasi 2025 yil boshidan buyon Ukrainada atigi 0,15 foiz hududni egallagan. Bloomberg agentligining DeepState ma’lumotlariga tayanib yozmoqda. Bu 2024 yil oxiridagi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslaganda uch barobar sekinlashuvni anglatadi. Hozir haftasiga o‘rtacha 41 km kvadrat olg‘a siljimoqda, avval bu ko‘rsatkich 125 km kvadratga yetgan.
Putinning barcha to‘rt oblastni tezda bosib olish haqidagi umidi reallikdan uzoq, deydi Karnegi jamg‘armasi tahlilchisi Erik Kyaramella. Uning fikriga ko‘ra, Ukraina mudofaasi Rossiya hujumlarini to‘xtatib turibdi. Rossiya ayni kunlarda faqat lokal taktik yutuqlarga erishmoqda.
Kremlga yaqin manbalarning aytishicha, Putin hanuzgacha armiyasining to‘liq g‘alabaga erishishiga ishonmoqda. G‘arb sanksiyalari tahdidini esa jiddiy qabul qilmayapti. Ammo Rossiya Mudofaa vazirligidagi manbalar o‘zlari ham bu maqsadlarni amalga oshirishga shubha bilan qaramoqda. Ularga ko‘ra, Ukraina dronlari katta hujum operatsiyalari uchun xavfli va ularni juda qimmatga tushiradi.
ISW ma’lumotlari 2025 yil may oyigacha Rossiya Ukraina hududining 20 foizdan kamrog‘ini nazorat qilayotganini ko‘rsatmoqda. Bu raqamga Qrim, Donetsk va Luhanskning katta qismi kiradi. Rossiya egallab olgan hududlarning aksari 2014 yoki 2022 yilda qo‘lga kiritilgan.
Rossiya ayni kunlarda Luhanskning deyarli butun hududini, Donetsk, Zaporijjya va Xerson oblastlarining taxminan 70 foizini nazorat qilmoqda. 2024 yil davomida Rossiyaga o‘tgan hududlar asosan kam aholi yashaydigan qishloqlardan iborat 4168 km kvadratni tashkil etgan.
ISW ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi bu hududlar uchun 420 ming kishi yo‘qotgan. Har bir egallangan kilometr kvadrat uchun o‘rtacha 102 nafar harbiy yo‘qotilgan. 2024 yilning sentyabridan noyabrigacha bo‘lgan davrda eng qattiq janglar bo‘lib, yillik hududiy «yutuq»ning 56,5 foizi shu vaqtda qayd etilgan. Biroq bu jarayonda 125 800 nafar rus harbiysi halok bo‘lgan yoki yaralangan.





