add

Qaysi davlatlarda migrantlar eng yuqori maosh oladi — reyting

Bugun 08:282 daqiqa

Germaniya va AQSH migrantlar uchun daromad eng tez o‘sadigan davlatlar bo‘ldi, ayrim rivojlangan iqtisodiyotlarda esa maoshlar vaqt o‘tishi bilan pasaymoqda.

Qaysi davlatlarda migrantlar eng yuqori maosh oladi — reyting

«Visual Capitalist» portali va OECD (Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti) hisobotiga ko‘ra, mehnat migrantlari uchun eng katta daromad o‘sishi Germaniya va AQSHda qayd etilgan. Ko‘chib borishdan keyin ilk yillarda mahalliy mehnat bozoriga moslashish migrantlarning ish haqiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Germaniya ushbu reytingda mutlaq yetakchi bo‘ldi. Bu yerda migrantlarning yillik daromadi ilk besh yil ichida o‘rtacha 48 foizga o‘sadi. Agar birinchi yilda o‘rtacha daromad 17 004 dollar bo‘lsa, beshinchi yilga kelib u 25 224 dollarga yetadi.

migrants salary 01

Ikkinchi o‘rinda Shvetsiya joylashgan. Bu davlatda migrantlar maoshi besh yil ichida 44 foizga o‘sadi. Uchinchi o‘rinni esa AQSH egalladi. Amerikada xorijiy ishchilarning daromadi besh yil ichida 43 foizga oshadi. Aniq raqamlarda bu quyidagicha ko‘rinadi: birinchi yilda o‘rtacha 27 375 dollar, beshinchi yilga borib esa 39 163 dollar. Ya’ni migrant AQSHda besh yil ichida qariyb 12 ming dollarga ko‘proq ishlay boshlaydi.

Yuqori o‘sish sur’atlari Finlandiyada 42 foiz, Italiyada 29 foiz va Kanadada 27 foizni tashkil etgan.

migrants salary 02

Shu bilan birga, o‘sish sur’ati va mutlaq maosh darajasini farqlash muhim. Masalan, Norvegiyada migrantlar beshinchi yilga kelib eng yuqori maosh oladi — o‘rtacha 67 877 dollar. Ammo bu davlatda o‘sish sur’ati nisbatan past bo‘lib, atigi 14 foizni tashkil qiladi.

Eng kutilmagan holat Yangi Zelandiya va Niderlandiyada kuzatilgan. OECD ro‘yxatida aynan shu ikki davlatda migrantlar daromadi besh yil o‘tib 6 foizga kamaygan. Ya’ni, vaqt o‘tishi bilan maosh o‘sishi emas, pasayishi qayd etilgan.

Umuman olganda, tahlil qilingan 15 davlat bo‘yicha migrantlar maoshining o‘rtacha o‘sishi 24 foizni tashkil etgan.

Hisobotda mahalliy aholi bilan maoshlar o‘rtasidagi farq ham qayd etilgan. Ish boshlagan dastlabki davrda migrantlar mahalliy aholiga nisbatan o‘rtacha 34 foiz kam ish haqi oladi. Bu, asosan, xorijiy ishchilarning avval past maoshli sohalarda ish boshlashi bilan izohlanadi. Biroq besh yil ichida bu farq 21 foizgacha qisqaradi. Bunga ish tajribasi, diplomlarni tasdiqlash va yuqoriroq maoshli kompaniyalarga o‘tish sabab bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid