Logo

AQSHda o‘zbekistonlik erkak 12 mln dollarlik yuklarni o‘g‘irlashda ayblanmoqda

Bugun 11:263 daqiqa

Gumonlanuvchilar o‘zlarini avvalgi kompaniya egalari sifatida ko‘rsatib, ushbu bizneslarning bozordagi obro‘si va ishonchidan foydalangan. Shu yo‘l bilan ular yuk tashish bo‘yicha shartnomalarni qo‘lga kiritgan. Hujjatlarda qozog‘istonlik xonandaning ismi ham tilga olingan.

AQSHda o‘zbekistonlik erkak 12 mln dollarlik yuklarni o‘g‘irlashda ayblanmoqda © kazpravda.kz

AQSHda 12 million dollardan ortiq qiymatdagi yuklarni o‘g‘irlashda gumonlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi federal sudda ishtirok etdi. Unga jinoiy til biriktirish ayblovi qo‘yilgan, biroq u o‘z aybini tan olmagan.

Nyu-Heyven shahridagi federal katta hakamlar hay’ati 33 yoshli Nursulton Izzatulloyevich Haydarovga nisbatan ayblov xulosasini 22-sentabr kuni chiqargan. Agar u sudda aybdor deb topilsa, besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Konnektikut okrugi bo‘yicha AQSH prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Haydarov yuk tashish bilan bog‘liq bir qator o‘g‘irliklarga aloqador jinoiy guruh faoliyatida ishtirok etganlikda gumonlanmoqda. Sud hujjatlari va rasmiy bayonotlarda aytilishicha, AQSHdagi Milliy xavfsizlik bo‘yicha maxsus ishchi guruh Kaliforniya va boshqa shtatlarda sodir etilgan yuk o‘g‘irliklarini tergov qilmoqda.

Tergovchilarning ta’kidlashicha, 2025-yilning sentabridan boshlab Xaydarov va uning gumon qilinayotgan sheriklari bir nechta yuk tashish kompaniyalarini sotib olgan yoki ularni boshqarish huquqini qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng ular kompaniyalarning AQSH Transport vazirligidagi ro‘yxat raqamlari, tashuvchilarni identifikatsiya qilish raqamlari, elektron pochta manzillari va kompaniya egalarining shaxsiy ma’lumotlarini o‘z nazoratiga olgan.

Prokuraturaga ko‘ra, gumonlanuvchilar o‘zlarini avvalgi kompaniya egalari sifatida ko‘rsatib, ushbu bizneslarning bozordagi obro‘si va ishonchidan foydalangan. Shu yo‘l bilan ular yuk tashish bo‘yicha shartnomalarni qo‘lga kiritgan.

Yuk tashish brokeri bilan shtatlararo yukni yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tuzilganidan keyin haydovchi yukni ombor yoki taqsimlash markazidan olib ketgan. Biroq prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab yuklar belgilangan manzilga yetkazilmagan va o‘g‘irlangan deb qayd etilgan. Ayrim hollarda gumonlanuvchilar o‘g‘irlangan tovarlarni qaytarish evaziga pul talab qilgan.

Ayblov xulosasida Haydarov AQSHda doimiy yashash huquqiga ega bo‘lgani va Nyu-Jersi shtatida berilgan amaldagi tijorat haydovchilik guvohnomasiga ega ekani qayd etilgan.

Shuningdek, u boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan soxta haydovchilik guvohnomalarini ham saqlaganlikda gumonlanmoqda. Hujjatlarda Said Mahmudarov, Rustam Mavlonov, Dmitriy Aganin, Roman Smirov va Qayrat Nurtas (qozog‘istonlik xonanda) ismlari ko‘rsatilgan.

Prokuraturaning ta’kidlashicha, ushbu guvohnomalarda Xaydarovning surati aks etgan, ammo yuz qiyofasi o‘zgartirilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh faoliyati kamida 24 ta yuk partiyasining o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘g‘irlangan yuklar orasida qattiq disklar, stereo uskunalar, kiyim-kechak, elektronika, komputer jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlari, nikotin mahsulotlari va boshqa qimmatbaho tovarlar bo‘lgan.

Haydarovga bevosita aloqador deb ko‘rsatilayotgan o‘g‘irliklar oqibatida yetkazilgan zarar 12 million dollardan oshishi taxmin qilinmoqda.

Haydarov 1-iyun kuni Kaliforniya shtatidagi Ontario shahrida federal jinoiy ish doirasida qo‘lga olingan. U hibsga olinganidan buyon qamoqda saqlanmoqda. 21-oktabr kuni sudda ishtirok etishi uchun Brijport shahriga olib borilgan.

Prokurorlar Haydarovning aybi sudda to‘liq isbotlanmaguncha u aybsiz deb hisoblanishini ta’kidlamoqda. Ishni Federal tergov byurosi AQSH Transport vazirligi Inspektor boshqarmasi, Soliq xizmati jinoiy tergov bo‘limi, Milliy xavfsizlik vazirligining tergov boshqarmasi hamda Kaliforniyadagi Fullerton va Ontario shaharlari politsiyasi bilan hamkorlikda olib bormoqda.

Teglar

Mavzuga oid