
Qaysi hududlar uy-joy qurilishida yetakchi ekanligi ma’lum qilindi
O‘zbekistonda 2025 yilda turar-joy qurilishi hajmi oshib, 15,9 mln kv.m turar-joylar foydalanishga topshirilgan.

2025 yilda O‘zbekistonda jami 15,9 million kvadrat metr turar-joy foydalanishga topshirildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 2,8 foizga oshgan bo‘lib, qurilish sohasida barqaror o‘sish saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hududlar kesimida eng yuqori natijalar Toshkent viloyati, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan.
Xususan, Toshkent viloyatida 1 million 997,7 ming kvadrat metr turar-joy foydalanishga topshirilib, mamlakat bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Xorazm viloyatida ushbu ko‘rsatkich 1 million 769,7 ming kvadrat metrni, Farg‘ona viloyatida esa 1 million 630,8 ming kvadrat metrni tashkil qildi.
Qurilish hajmi yuqori bo‘lgan boshqa hududlar qatoriga Namangan, Buxoro, Surxondaryo va Andijon viloyatlari kiradi. Shuningdek, Toshkent shahrida 1 million kvadrat metrdan ortiq turar-joy foydalanishga topshirilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda uy-joy qurilishi sur’atlari nisbatan past bo‘lgan. Jumladan, Sirdaryo viloyatida atigi 136,1 ming kvadrat metr turar-joy foydalanishga topshirilgan. Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlarida ham ko‘rsatkichlar respublika o‘rtacha darajasidan ancha past qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda mamlakatda bajarilgan qurilish ishlari hajmi 14,2 foizlik o‘sishni qayd etganligi haqida xabar bergan edik.


