add

Qurilish ishlari hajmi 313,8 trln so‘mga yetdi

25.01.2026 | 14:302 daqiqa

2025 yilda mamlakatda bajarilgan qurilish ishlari hajmi 14,2 foizlik o‘sishni qayd etib, iqtisodiy faollik oshganini ko‘rsatdi.

Qurilish ishlari hajmi 313,8 trln so‘mga yetdi

O‘zbekistonda 2025 yil davomida jami 313,8 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlarida keltirilgan. Qayd etilishicha, ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 14,2 foizga oshgan.

Yillar kesimida

So‘nggi to‘rt yil dinamikasi qurilish sohasida barqaror o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatadi. Xususan, 2022 yilda bajarilgan ishlar hajmi 130,7 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 222,9 trln so‘mga yetgan. 2024 yil yakunida esa qurilish ishlari qiymati 259,6 trln so‘m sifatida qayd etilgan. 2025 yilda esa mazkur hajm ilk bor 300 trln so‘m chegarasidan oshib, yangi bosqichga chiqdi.

Yo‘nalishlar kesimida

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda bajarilgan qurilish ishlarining asosiy qismi bino va inshootlar qurilishi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu yo‘nalish umumiy hajmning 69,7 foizini tashkil etib, 218,7 trln so‘mlik ish bajarilgan.

Fuqarolik obyektlari qurilishi yo‘nalishida 64,9 trln so‘mlik ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, bu sohaning umumiy hajmdagi salmoqli o‘rnini saqlab qolganini ko‘rsatadi. Iqtisodiy faoliyat turlari ichida uchinchi yirik yo‘nalish sifatida ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari qayd etilgan.

Ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari hajmi 30,2 trln so‘mni tashkil etgan. Bunday o‘sish infratuzilma loyihalari, uy-joy qurilishi hamda investitsiya faolligining oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1-fevraldan e’tiboran xavfli deb topilgan qurilish materiallarini majburiy ravishda qayta ishlash va utilizatsiya qilish tizimi joriy etiladi.

Teglar

Mavzuga oid