Logo

Qirg‘izistonda oltin va kumush qazib olishdan olinadigan daromad solig‘i stavkalari yangilandi

Bugun 13:191 daqiqa

Oltin tarkibli ruda va konsentrat uchun eng yuqori stavka 39 foizni tashkil etadi.

Qirg‘izistonda oltin va kumush qazib olishdan olinadigan daromad solig‘i stavkalari yangilandi © Ijtimoiy tarmoqlar

Qirg‘izistonda oltin, kumush va ularni qayta ishlash mahsulotlarini qazib oladigan kompaniyalar uchun daromad solig‘i stavkalari yangilandi. Bu haqda «Economist.kg» xabar berdi.

O‘zgartishlar soliqqa tortish va soliqdan tashqari daromadlar sohasidagi qonunga kiritildi. Qonunga kiritilgan o‘zgartishlarni prezident Sadir Japarov 6-avgust kuni imzoladi.

Soliq miqdori metallning jahon bozoridagi narxi va mahsulot turiga qarab belgilanadi. Oltin yoki kumushning bir troya unsiyasi narxi qancha yuqori bo‘lsa, soliq stavkasi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Oltin tarkibli ruda va konsentrat uchun stavka oltin narxi bir troya unsiyasi uchun 3 ming dollargacha bo‘lganda 30 foizdan, 7 ming dollar va undan yuqori bo‘lganda esa 39 foizgacha belgilangan.

Oltin qotishmasi va affinaj qilingan oltin uchun shu narx oralig‘ida stavka 20 foizdan 29 foizgacha bo‘ladi. Kumush tarkibli ruda va konsentrat uchun stavka metall narxi bir troya unsiyasi uchun 50 dollargacha bo‘lganda 16 foizdan, 95 dollar va undan yuqori bo‘lganda 26 foizgacha belgilangan.

Kumushdan tayyorlangan mahsulotlar uchun stavka 11 foizdan 21 foizgacha bo‘ladi. Soliq shkalasiga ko‘ra, oltin narxi keyingi diapazonga har 500 dollarga oshganda, soliq stavkasi 1 foiz punktga ko‘tariladi. Kumush uchun esa keyingi narx diapazoniga o‘tish qadami 5 dollarni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda benzin narxi 9 foizga oshgandi. Ammo narxlar O‘zbekistondagiga qaraganda pastligicha qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid