Qirg‘izistonda Ramazon hayiti qachon nishonlanishi aytildi

10.03.2026 | 23:201 daqiqa

Musulmonlar diniy boshqarmasiga ko‘ra, Ramazon hayiti bayrami 20-mart kuniga to‘g‘ri keladi.

Qirg‘izistonda Ramazon hayiti qachon nishonlanishi aytildi

Qirg‘izistonda Ramazon hayiti 20-mart kuni nishonlanadi. Bu haqda Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasiga tayanib, 24.kg xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu kun dam olish kuni bo‘ladi.

Respublikada Ramazon oyi 19-fevral kuni boshlangandi va aytilishicha, bu yil ro‘za 19-mart kuni (shu kuni ham) yakunlanadi.

Ramazon oyining boshlanishi va tugashi Hijriy yil hisobi asosida belgilanadi. Sanalar yangi oy ko‘rinishiga qarab o‘zgarishi mumkin. Ushbu kun xalqaro astronomik markazlar ma’lumotlariga asoslanib belgilangan bo‘lsa-da, yangi oy chiqishi sababli ba’zan sanalar bir kun oldinga yoki orqaga siljishi ehtimoli mavjud.

Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) — bu butun dunyo musulmonlari uchun eng ulug‘ bayramlardan biri. Iyd al-Fitr arabchadan tarjima qilinganda «og‘iz ochish bayrami» ma’nosini anglatadi. U Ramazon oyi davomida tutilgan ro‘zaning muvaffaqiyatli yakunlangani, nafs ustidan qozonilgan g‘alaba va ma’naviy poklanish sharafiga nishonlanadi. Oyning davomiyligi oy taqvimiga ko‘ra, 29-30 kunni tashkil etadi va u Ramazon hayiti bilan yakunlanadi. Hayitda mo‘minlar bir oy davomida sabr-toqat bilan ro‘za tutganlari, namoz va duolarda bo‘lganlari uchun Allohga hamd aytadilar.

Bu kuni musulmonlar Hayit namozini ado etadilar, xayr-ehson (fitr-sadaqa) tarqatadilar, qarindoshlarini ziyorat qiladi va bayram dasturxoni yozadilar. Namozdan so‘ng odamlar bir-birlarini tabriklaydilar. Bolajonlarga sovg‘alar yoki pul (hayitlik) berish an’anasi bor.

Teglar

Mavzuga oid