
Qirg‘izistonlik deputat O‘zbekistonning sug‘orish uchun suvga pul to‘lamasligidan norozilik bildirdi
Qirg‘iziston parlamentida qo‘shni davlatlar manfaatdor bo‘la turib, suv resurslari uchun to‘lov qilmayotgani tanqid ostiga olindi.

Qirg‘iziston Jo‘qorg‘i Keneshi deputati Umbetali Qidiraliyev qo‘shni davlatlar, jumladan O‘zbekiston va Qozog‘iston sug‘orish suvi uchun to‘lov amalga oshirmayotganidan norozilik bildirdi. Bu haqda u 9-fevral kuni parlamentning agrar siyosat va suv resurslari bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Deputat so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida suv resurslaridan foydalanish masalasi yanada keskinlashmoqda.
Qidiraliyevning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston gidroinshootlarida jamlangan suvning qariyb 80 foizi qo‘shni mamlakatlar hududiga oqib ketadi. U bu holatda suvdan asosiy manfaat ko‘rayotgan davlatlar bilan hisob-kitob mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini bildirdi. Deputat bu masala davlat manfaatlari nuqtai nazaridan ochiq muhokama qilinishi kerakligini ta’kidladi.
Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Bakit Toroboyev Qambarota GES-1 qurilishida O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirok etayotganini, ular suv resurslaridan manfaatdor ekanini ochiq tan olayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kampirobod suv ombori O‘zbekiston bilan teng ulush tamoyili asosida boshqariladi.
Shu bilan birga, Kirov va Orto Tokoy suv omborlari Qirg‘iziston balansida hisoblanadi. Ammo har yili davlatlararo komissiyalar orqali Qirg‘iziston qancha hajmda suv yetkazib berishi mumkinligi belgilanadi. Deputat fikricha, bunday tizim mamlakat uchun iqtisodiy foyda keltirmayapti, chunki gidrouzellarni saqlash, ta’mirlash va dambalarni nazorat qilish katta xarajat talab qiladi.
Energetika vaziri o‘rinbosari Nasibbek Karimov mazkur masala energetika sohasi mutaxassislari bilan hamkorlikda ko‘rib chiqilayotganini bildirdi. Toroboyev esa bu ma’lumotlar yopiq bo‘lib, prezident Sadir Japarov qo‘shni davlatlardan suv uchun majburiy to‘lov talab qilmaslik pozitsiyasini bildirganini ta’kidladi.





