
Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini importi uchun QR-kod va xulosa joriy etildi
09.07.2025 | 13:2033843
O‘zbekistonda 2026 yildan boshlab QR-kod va maxsus xulosasiz urug‘lar import qilinishi va sotilishi taqiqlanadi. Bu prezident farmoni bilan tasdiqlangan yangi tizim orqali amalga oshiriladi.

Hujjatga ko‘ra, endilikda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholash raqamli kodlash va maxsus ekspert xulosasi orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, urug‘ yetishtiruvchi tadbirkorlar yagona reyestrga kiritiladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab Bojxona qo‘mitasi tomonidan QR-kodi yo‘q va ijobiy xulosasi mavjud bo‘lmagan urug‘lar «erkin muomalaga chiqarish» rejimida rasmiylashtirilmaydi. Ushbu talablarga rioya qilmagan tadbirkorlarga esa BHMning 150 baravarigacha — 61,8 million so‘mgacha ma’muriy jarima qo‘llaniladi.
Sifat nazorati ikki bosqichda o‘tkaziladi: avval maxsus komissiya urug‘lik ekinlarining dalalarini ko‘zdan kechiradi va navdorlik guvohnomasini rasmiylashtiradi. Keyin esa urug‘lar laboratoriyada sinovdan o‘tkazilib, ularning ekinbopligi to‘g‘risida xulosa beriladi.
“Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” ushbu jarayonda yagona vakolatli tashkilot sifatida belgilangan. Ilmiy-tadqiqot muassasalari uchun esa import qilingan urug‘liklarni kodlash va xulosalash bepul amalga oshiriladi.
Prezident Mirziyoyev 2024 yildagi taqdimotda asosiy maqsad — qishloq xo‘jaligini BMTning FAO tajribasi asosida rivojlantirish ekanini ta’kidlagan edi. 2025 yilda 4,8 million gektar maydonda ekin yetishtirish rejalashtirilgan.





