
Qishloqlarda 31 mingdan ortiq turar joy foydalanishga topshirildi
2025 yilning 9 oyida O‘zbekiston bo‘yicha ishga tushirilgan turar joylarning asosiy qismi qishloq hududlarida qurilgani ma’lum qilindi.

2025 yil yanvar—sentabr oylarida O‘zbekistonda jami 46 990 ta turar joy va yotoqxona foydalanishga topshirildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, yangi qurilgan ob’ektlarning 31 273 tasi qishloq joylariga to‘g‘ri kelgan. Ushbu yuqori ulush qishloq hududlarida aholi soni ortgani, migratsiya jarayonlari va uy-joyga bo‘lgan talab yuqoriligi bilan izohlanadi.
Hududlar kesimida eng ko‘p ishga tushirilgan turar joylar Namangan viloyatida qayd etildi. Bu yerda 7 905 ta turar joy foydalanishga tushirilgan.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 4 878 ta, Surxondaryo viloyatida 4 382 ta, Buxoro viloyatida 3 930 ta va Andijon viloyatida 3 909 ta turar joy va yotoqxonalar foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 689 ta, Farg‘ona viloyatida esa 3 549 ta obyekt ishga tushirilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda uy xo‘jaliklarining qariyb 90 foizi hovlilarga to‘g‘ri kelishi haqida xabar berilgan edi.





