
Qon mahsulotlari bilan ishlashda yangicha nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Qon mahsulotlari xavfsizligi, sifat nazorati va donorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangicha tartib amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda qon bilan ishlash xizmatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan yangi tizim joriy etiladi. Bu «2026–2030 yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorida belgilab qo‘yildi.
Xavfsizlik va biznes jarayonlarini standartlashtirish
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1-oktabrdan qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlari xavfsizligi va sifatini ta’minlashga qaratilgan standart operatsion jarayonlar hamda xavfsizlik bayonnomalari joriy etiladi. Barcha texnik va tibbiy jarayonlar yagona talablar asosida tartibga solinadi. Shuningdek, “ehtiyoj – qayta ishlash – yetkazish” zanjiri doirasida biznes jarayonlarini boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yilib, logistika va resurslardan foydalanish samaradorligi oshiriladi.
Elektron hisob va ikki bosqichli skrining
2027 yil 1-martdan «Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish» axborot tizimi ishga tushiriladi. U orqali qon va uning tarkibiy qismlarining harakati to‘liq raqamlashtiriladi. Bundan tashqari, 2026 yil 1-oktabrdan qon mahsulotlarini majburiy tarzda ikki bosqichli skrining tekshiruvidan o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi. Bu xavfli infeksiyalar bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni keskin kamaytirishga xizmat qiladi.
Donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash
Qarorda beg‘araz qon donorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. 2026 yil 1-yanvardan har oy «Birga hayotni saqlaymiz» milliy donorlik aksiyasi o‘tkaziladi. Donorlik kunlari ta’lim, davolash muassasalari va mehnat jamoalarida tashkil etiladi, harbiy xizmatchilar o‘rtasida esa yilda kamida bir marta maxsus tadbirlar o‘tkaziladi. Shu bilan birga, tug‘ruqda tibbiy yordam ko‘rsatuvchi har bir muassasada qon va uning tarkibiy qismlarining shoshilinch zaxirasi shakllantirilishi belgilandi.





