add

Qozog‘iston 16 yoshgacha bo‘lganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlamoqchi

Bugun 14:55911 daqiqa

Mamlakatda 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoq va ba’zi platformalarda ro‘yxatdan o‘tishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qozog‘iston 16 yoshgacha bo‘lganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlamoqchi

Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ko‘plab onlayn platformalarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlovchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. U «Ochiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar» portalida e’lon qilingan bo‘lib, Madaniyat va axborot vazirligi tomonidan tayyorlangan.

Loyihaga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar, videoxostinglar va kontent platformalarida bolalar uchun akkaunt yaratish taqiqlanadi. Faqatgina messenjerlar ushbu cheklovdan mustasno bo‘ladi.

Qonun qabul qilinsa, parlament tasdig‘idan o‘tib, prezident imzolaganidan so‘ng rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab 60 kun o‘tishi bilan kuchga kiradi. Mazkur tashabbus bolalarning raqamli xavfsizligini ta’minlash va ijtimoiy tarmoqlardagi ehtimoliy salbiy ta’sirlarni kamaytirish maqsadida taklif etilgan.

Qayd etilishicha, 12-noyabr kuni deputat Asxat Aymag‘ambetov ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish uchun yosh chegaralarini belgilashni taklif qilgan. Uning ta’kidlashicha, TikTok va Instagram kabi platformalar bolalar orasida keng tarqalgan bo‘lib, jahon amaliyotida bunday cheklovlar qator davlatlarda qo‘llanib kelinmoqda.

Mutaxassislar qonun qabul qilinsa, bolalarning onlayn xavflardan himoyasi kuchayishini, platformalar esa yoshga oid tekshiruv mexanizmlarini joriy etishga majbur bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Avvalroq Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlangani ma’lum qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid

Qozog‘iston 16 yoshgacha bo‘lganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlamoqchi | Vaqt.uz