
Qozog‘istonda endi pedofillar kimyoviy kastratsiya qilinadi
08.10.2025 | 13:0030173
Yangi tartibga ko‘ra, jinoyat sodir etgan shaxslar jazo muddati tugamasidan olti oy oldin kimyoviy kastratsiyaga yuboriladi.

Qozog‘istonda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar jazoni o‘tash muddati tugashidan olti oy oldin kimyoviy kastratsiya qilinadi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi «Majburiy tibbiy chora qo‘llash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi buyruqqa kiritilgan o‘zgartirishlarda belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati mahkumning muddati tugamasidan kamida bir yil oldin sudga hujjat yuborishi lozim. Shu asosda shaxsning ruhiy holati va jinoiy moyilligini aniqlash uchun sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlanadi.
Bunday chora ruhiy buzilishi bor, ammo aqli raso deb topilgan va sud qarori bilan majburiy tibbiy chora qo‘llanilgan shaxslarga taalluqli emas. Buyruq rasman e’lon qilinganidan o‘n kun o‘tib kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar sonining keskin oshishi ortidan 2018 yildan boshlab pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya choralarini qonuniy ravishda qo‘llash imkoniyati joriy etilgan edi. Ushbu protsedura faqat sud hukmi bilan sud-psixiatriya ekspertizasi jinoyat sodir etishga moyillikni tasdiqlagan shaxslarga nisbatan amalga oshiriladi.
2024 yil fevralda parlament deputatlari bolalarga zo‘rlik ishlatgan jinoyatchilarni jarrohlik yo‘li bilan ham kastratsiya qilish taklifini ilgari surgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 2024 yilda mamlakatda pedofiliya bo‘yicha 874 ta jinoyat ishi qayd etilgan. Umuman olganda, har yili taxminan 900 nafar bola jinsiy zo‘ravonlikdan jabr ko‘radi.





