add

Qozog‘istonning bitta banki O‘zbekistondagi barcha banklardan ko‘proq foyda oldi

Bugun 16:542 daqiqa

«Halyk Bank» 2025 yilni 2 mlrd dollar atrofida sof foyda bilan yakunladi. Bu O‘zbekistondagi barcha 35 ta bankdan ko‘proq degani.

Qozog‘istonning bitta banki O‘zbekistondagi barcha banklardan ko‘proq foyda oldi

2025 yil yakunlari bo‘yicha, Qozog‘iston banklarining umumiy sof foydasi 6,7 foizga oshib, 2,7 trln tengeni tashkil qildi. Bu haqda Qozog‘iston milliy banki hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

«Halyk Bank» va «Kaspi Bank» eng ko‘p sof foyda olgan banklar sifatida o‘z o‘rnini saqlab qoldi. Barcha Qozog‘iston banklari foydasining qariyb yarmi shu ikkita bankka to‘g‘ri keldi.

«Halyk Bank» sof foydasi 2024 yilga nisbatan 15,6 foizga ko‘payib, 976,8 mlrd tengega yetdi. «Kaspi Bank» esa 2025 yilda foydasini 7,6 foizga oshirib, 571,5 mlrd tenge sof foyda oldi.

Qozog‘istonda eng ko‘p foyda olgan bank — «Halyk Bank»ning 2025 yilgi foydasi AQSH dollarida 2 mlrd dollar atrofida bo‘ladi. Bu O‘zbekistondagi barcha banklar foydasidan ko‘proq.

O‘zbekiston banklari sof foydasi o‘tgan yili 2,3 barobar ko‘payib, 15,5 trln so‘mni tashkil qildi. Bu dollarda 1,3 mlrd dollar atrofida bo‘ladi. Eng ko‘p foyda olgan bank 1,9 trln so‘m bilan «Milliy bank» bo‘lgan.

Ikkala davlatda ham yil davomida faqat bitta bank zarar ko‘rgan. Qozog‘istonda yangi ochilgan Janubiy Koreyaning BNK banki zarari 2,5 mlrd tengeni tashkil qilgan. Bu bank avval mikromoliya tashkiloti bo‘lgan, 2025 yil davomida bankka aylangan.

O‘zbekistonda esa 2025 yilda faqat «Yangi bank» zarar ko‘rdi — 136,7 mlrd so‘m. Markaziy bank uning litsenziyasini joriy yil boshida qaytarib olishga ham ulgurdi.

«Yangi bank» ustav kapitali bo‘yicha regulyatorning 500 mlrd so‘mlik talablarini bajarmagan va bir necha chorakdan beri doimiy zararda faoliyat olib borayotgan edi.

Shunday qilib, 2025 yilda Qozog‘istondagi banklar O‘zbekiston banklariga qaraganda qariyb 5 barobar ko‘proq foyda olgan.

Ma’lumot uchun, «Halyk Bank» O‘zbekistonda «Tenge bank» nomi ostida sho‘’ba banki ham ochgan. Tenge bank sof foydasi o‘tgan yili 54,9 mlrd so‘mni tashkil qildi.

«Halyk Bank» va O‘zbekistondagi «Click» to‘lov tashkiloti o‘rtasida 2025 yil yozida kelishuv imzolangandӣ.

Unga ko‘ra, «Halyk Bank» «Click» kompaniyasining 49 foiz aksiyalarini 176,4 mln dollar evaziga sotib oladi.

O‘z navbatida, «Click» aksiyadorlari «Halyk Bank»ning «Tenge Bank»ning 49 foiz aksiyalarini 60,76 mln dollarga xarid qiladi.

Biroq, hozircha bu kelishuv rasman amalga oshgan bo‘lib, Raqobat qo‘mitasi ruxsat bergani haqida ma’lumot berilmadi.

Teglar

Mavzuga oid