add

Qurilish vazirligi binosi 182,5 mlrd so‘mga sotildi

Kecha 19:185522 daqiqa

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan vazirlik binosi auksionda boshlang‘ich narxidan qariyb 40 foiz qimmatga sotildi.

Qurilish vazirligi binosi 182,5 mlrd so‘mga sotildi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan ma’muriy binosi ochiq auksion orqali 182,5 milliard so‘mga sotildi. Savdolarda eng yuqori taklifni «O‘zshahar qurilish invest» MCHJ berdi.

16-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ushbu auksion 130,3 milliard so‘mlik boshlang‘ich narx bilan start oldi. Savdo jarayoni 8 ta qadamdan iborat bo‘lib, 1 soat 7 daqiqa davom etdi. Yakunda «O‘zshahar qurilish invest» MCHJ tomonidan taqdim etilgan 182,2 milliard so‘mlik taklif g‘olib deb topildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sotilgan obyekt Toshkent shahri Abay ko‘chasi 6-uy manzilida joylashgan. Bino 0,5 gektar yer maydonini egallagan bo‘lib, umumiy foydali maydoni 11 725 kvadrat metrni tashkil qiladi. Lot shartlariga muvofiq, xaridor ushbu binoda ofis va xizmat ko‘rsatish faoliyatini tashkil etishi shart.

Vaqt.uz’ning auksion jarayonlaridan bevosita xabardor manbasiga ko‘ra, “O‘zshahar qurilish invest” MCHJ binoni 3 yil (36 oy) davomida bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan.

Avvalroq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Yangi Toshkent shahriga ko‘chirilib, u yerda Transport vazirligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi bilan bitta binoda joylashgan edi.

Ma’lumot uchun, «O‘zshahar qurilish invest» MCHJ 2017 yilda tashkil etilgan bo‘lib, asosiy faoliyati turar joy binolarini qurish hisoblanadi. Korxonaning ustav fondi 1 milliard so‘mni tashkil etadi. 2024 yil noyabr oyi oxirigacha kompaniya davlat ulushiga ega bo‘lgan. Jumladan, aksiyalarning 90 foizi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga, 10 foizi esa «Qurilish Invest Development» MCHJga tegishli bo‘lgan. Keyinchalik korxona to‘liq xususiylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining binosi auksionga qo‘yilgani haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid