
«Raiffeisen Bank International» kapital bozori uchun «tartibga solish qumdoni» ishtirokchisiga aylandi
«Raiffeisen Bank International» O‘zbekiston kapital bozorida maxsus huquqiy rejim — «tartibga solish qumdoni» ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

2025 yil 26-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan «Raiffeisen Bank International AG» kapital bozori sohasida «tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Shu bilan «Raiffeisen Bank» ushbu mexanizm doirasidagi oltinchi xorijiy ishtirokchiga aylandi. «Tartibga solish qumdoni» (regulyatory sandbox) moliyaviy va kapital bozori instrumentlarini cheklangan, nazorat ostidagi huquqiy rejimda sinovdan o‘tkazish imkonini beruvchi mexanizm. Amaliyotda u regulyator va bozor ishtirokchilari o‘rtasida muvozanat yaratadi, ya’ni innovatsiyalar joriy etiladi, biroq tizimli risklar cheklanadi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, «Raiffeisen Bank» O‘zbekistonda xorijiy nominal saqlovchi (sub-costodian) sifatida ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bu bank mijozlariga O‘zbekiston Respublikasi valuta birjasi va «Toshkent» Respublika fond birjasi orqali sotib olingan mahalliy qimmatli qog‘ozlarni saqlash, hisobga olish va ular bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish imkonini beradi.
Amaliy jihatdan bu qaror xorijiy investorlar uchun eng muhim to‘siqlardan birini, ya’ni aktivlarni saqlash va hisob-kitob infratuzilmasi masalasini yumshatadi. Xalqaro darajadagi sub-custodianning ishtiroki bozor ishonchliligi va texnik shaffoflikni oshiradi.
2026 yilda O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalarining Toshkent va London fond maydonlarida ikki tomonlama IPO o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ochiq manbalarda keltirilishicha, ushbu IPOni tashkil etishda «Raiffeisen Bank International» xalqaro moliyaviy institutlar qatorida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
«Raiffeisen Bank International» Avstriya moliya bozorini nazorat qiluvchi Financial Market Authority (FMA) hamda Yevropa Markaziy bankining Yagona nazorat mexanizmi (SSM) doirasida faoliyat yuritadi. Bankning so‘nggi yillardagi faoliyati xalqaro professional hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanib, xususan, 2025 yilda «Global Custodian» nashri tomonidan Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasida «Best Custodian» mukofoti bilan taqdirlangan. Mazkur e’tirof bankning saqlovchilik va hisob-kitob infratuzilmasi sohasidagi tajribasi va institutsional salohiyatini aks ettiradi.
Prezident Farmoniga muvofiq, «tartibga solish qumdoni» doirasida fond birjalari va investitsiya vositachilarining elektron platformalarida xorijiy moliyaviy instrumentlar muomalasini tashkil etish imkoniyati yaratilmoqda.
Xususan, xorijiy indekslarga kiritilgan aksiyalar, obligatsiyalar, ETFlar va depozitar tilxatlar savdoga chiqarilishi mumkin. Bu jarayonda Markaziy depozitariy xorijiy bazaviy aktivlarni korrespondent hisobvaraqlar orqali joylashtiradi, kliring va hisob-kitoblar esa yagona qoidalar asosida amalga oshiriladi. «Raiffeisen Bank International» kabi institutlarning ishtiroki ushbu mexanizmlarning amaliy ishlashini ta’minlashda muhim institutsional omil hisoblanadi.
G.Bozorova tayyorladi.





