add

Ramzan Qodirov Yevropa bilan urushga oshiqmoqda

Kecha 20:039492 daqiqa

U Putindan «Yevropa mamlakatlari o‘z ixtiyori bilan kechirim so‘rasa, siz bizdan xafa bo‘lmaysiz, to‘g‘rimi?», - deb so‘radi.

Ramzan Qodirov Yevropa bilan urushga oshiqmoqda

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Yevropa davlatlari bilan ehtimoliy harbiy to‘qnashuv haqidagi bayonotiga javob berib, Moskvadan tushadigan har qanday buyruqqa tayyor turishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, urush holati yuzaga kelganda Yevropa mamlakatlari o‘z ixtiyori bilan kechirim so‘rashdan boshqa yo‘l topa olmasligi mumkin.

Putin avvalroq Rossiyaning Yevropa bilan urush niyati yo‘qligini ta’kidlagan, biroq agar urush Yevropa tomonidan boshlansa, Moskva darhol javob qaytarishga shay ekanini bildirgan edi. Davlat rahbarining aytishicha, bunday ssenariyda «muzokara uchun hamkor qolmasligi» ehtimoli yuqori.

Qodirov o‘z bayonotida Putin so‘zlarini qo‘llab-quvvatlab, hech qanday rasmiyatchilikka ehtiyoj yo‘qligi, buyruqni kutayotgani haqida yozdi.

«Vladimir Vladimirovich, biz hech qanday rasmiyatchilik qilmaymiz, buyruqni kutmoqdamiz! Hammasi juda tez tugaydi va Rossiyaga qarshi urush boshlamoqchi bo‘lganlar foydasiga bo‘lmasligi aniq. Vladimir Vladimirovich, menda bitta savol bor: agar bu hammasi boshlansa, ular darhol O‘Z IXTIYORI bilan kechirim so‘rashsa, siz bizdan xafa bo‘lmaysiz, to‘g‘rimi?», - deya yozdi u o‘z Telegram-kanalida.

Putin o‘z nutqida ta’kidladiki, Yevropa AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga xalaqit bermoqda, shu jumladan Rossiya uchun qabul qilib bo‘lmaydigan shartlarni tinchlik rejasiga taklif qilmoqda.

Uning ta’kidlashicha, Yevropa hozir Ukraina tomonida qat’iy turib, Rossiyaga strategik mag‘lubiyat yetkazish mumkin, degan «xayollarga berilib ketgan».

NATO esa Putinning bayonotiga javob qaytarib, Rossiya armiyasi hozirgi sharoitda Yevropani harbiy yo‘l bilan yengish qobiliyatiga ega emasligini bildirdi. Ittifoq vakiliga ko‘ra, NATO o‘z a’zolarini himoya qilish masalasida bu darajada hech qachon birlashmagan.

Bundan avval Fransiya qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari general Faben Mandon ham fransuz armiyasini Rossiya bilan ehtimoliy to‘qnashuvga tayyor turishga chaqirgan edi. U mojaro keyingi «uch-to‘rt yil» ichida boshlanishi mumkinligini ta’kidlagan.

Teglar

Mavzuga oid