
Rasmiy Toshkent Isroilning Qatarga hujumiga munosabat bildirdi
09.09.2025 | 21:0325574
Toshkent Isroilning Qatar poytaxti Dohadagi turar-joy hududiga havo hujumini amalga oshirganini davlat suverenitetini buzish va xalqaro huquq normalarini toptash deb baholadi.

O‘zbekiston Isroil tomonidan Qatarning Doha shahridagi turar-joy hududiga qilingan hujumni Qatar davlati suvereniteti, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan ochiqdan-ochiq tajovuz sifatida baholadi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
«O‘zbekiston Respublikasi Isroilning Doha shahridagi turar joy hududiga uyushtirgan hujumlarini qoralaydi va buni Qatar Davlati suverenitetini buzish, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga tajovuz deb baholaydi. Bunday xatti-harakatlar mutlaqo nomaqbul bo‘lib, BMT Nizomini hamda xalqaro huquqning asosiy me’yor va tamoyillarini jiddiy ravishda mensimaslik hisoblanadi», - deyiladi rasmiy bayonotda.
Bayonotda aytilishicha, O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday ko‘rinishiga va Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyatni yanada keskinlashtiradigan qadamlarga izchil ravishda qarshi ekanini bildiradi.
Ma’lumot uchun,Isroil bugun, 9 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohada HAMAS amaldorlariga nisbatan havo hujumi uyushtirdi. Axios’ning xabar berishicha, hujum AQSH bilan oldindan kelishilgan holda amalga oshirilgan va u G‘azoda garovda qolganlarni ozod etish hamda tinchlik kelishuviga oid jarayonlar fonunda sodir etilgan. SAHAL va Shin Bet bu zarbani «7 oktyabr voqealari uchun mas’ul HAMAS rahbarlariga qaratilgan aniq hujum» sifatida baholadi.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi esa hodisani «jinoiy tajovuz» deb atadi va uni xalqaro huquq normalarining ochiqdan-ochiq buzilishi sifatida qoraladi. Bayonotga ko‘ra, hujum HAMAS Siyosiy byurosi a’zolari istiqomat qiladigan turar-joy binolariga qaratilgan bo‘lib, bu qatarliklar xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Rasmiy Dohada xavfsizlik kuchlari hodisaning oqibatlarini bartaraf etish va tergov ishlarini olib borishga kirishgan.





