add

Rog‘un GES elektr energiyasi O‘zbekistonga yetkazib beriladi: 20 yillik kelishuv imzolanadi

17.07.2025 | 13:4018014

Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari Rog‘un GESdan elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli kelishuv imzolashga kelishib oldi. Unga ko‘ra, Tojikiston O‘zbekistonga 1 kWh elektr energiyasini 3,4 sentdan sotadi

Rog‘un GES elektr energiyasi O‘zbekistonga yetkazib beriladi: 20 yillik kelishuv imzolanadi
Tojikiston hukumati Rog‘un GESdan O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha asosiy hamkorlik shartlarini belgilaydigan kelishuvni ma’qullab, imzolash vakolatini bermoqda. Muhokamaga qo‘yilgan ҳужжатга ko‘ra, Rog‘un GES elektr energiyasining yetkazib berish tartibi va hajmi alohida tuziladigan shartnoma bilan belgilanadi. Bu shartnoma «Rog‘un GES» AJ va «O‘zenergosotish» AJ o‘rtasida tuziladi. Shartnoma doirasida Rog‘un GESdan 1 kWh elektr energiyasi 3,4 sentdan baholanadi (QQSsiz). Narx har yili 1 foiz miqdorida indeksatsiya qilib boriladi. Indeksatsiya ikkinchi yildan boshlab amalga oshiriladi. Energiya yetkazib berish ikki davlatning milliy dispetcherlari tomonidan kelishilgan grafik asosida amalga oshiriladi. Elektr asosan O‘zbekistonda quvvat tanqisligi yuzaga keladigan soatlarda yetkazib beriladi va xalqaro liniyalar orqali amalga oshiriladi. Rog‘un elektr energiyasi «Barqi Tojik» kompaniyasi yetkazib beradigan tok bilan parallel ravishda beriladi. Rog‘un GESning qurilishi davomida elektr energiyasi faqat vegetatsiya davrida — 1 apreldan 30 sentyabrgacha yetkazib beriladi. Lekin stansiya to‘liq quvvat bilan ishga tushirilgandan so‘ng, yetkazib berish yil davomida oyma-oy amalga oshiriladi. Kelishuv diplomatik kanallar orqali ikkala tomon ichki huquqiy jarayonlarni yakunlagani to‘g‘risida yozma xabarnoma almashganidan so‘ng kuchga kiradi. U 20 yillik muddatga tuziladi va agar tomonlardan biri yakunlanishidan 6 oy avval yozma rad etish bildirmasa, yana 10 yilga uzaytiriladi. Ma’lumot uchun: Rog‘un GES Markaziy Osiyodagi eng yirik GES bo‘ladi, uning loyihaviy quvvati — 3780 MW. Stansiyada 6 ta 630 MWli agregat o‘rnatiladi. Oxirgi agregat 2029 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda. 2024 yilda stansiya 1,22 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqargan — bu Tojikistondagi umumiy ishlab chiqarishning 5,5 foizini tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid