
Rossiya iqtisodiyotida retsessiya: Hukumat YAIM o‘sish prognozini ikki baravar qisqartirdi
02.09.2025 | 09:2034894
Rossiya hukumati YAIM o‘sishi bo‘yicha prognozni 2,5 foizdan 1,2 foizga tushirdi, byudjet tanqisligi esa rejadan ancha ortiq bo‘ladi.

Rossiya iqtisodiyoti kutilayotgandan ham tezroq sekinlashmoqda va bu holat federal byudjetga jiddiy zarba bermoqda. Bu haqda «Interfaks» agentligiga hukumat loyihalari bilan tanish manba ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish 2025 yilda bor-yo‘g‘i 1,2 foizni tashkil etishi mumkin — bu avvalgi 2,5 foizlik prognoziga nisbatan ikki baravar kam.
Bu natija nafaqat moliya vaziri Anton Siluanov tomonidan Prezident Putin bilan uchrashuvda aytilgan 1,5 foizdan ham past, balki o‘tgan yilgi 4,3 foiz o‘sishga nisbatan 3,5 martaga pasaygan. «Iqtisodiyot so‘nib bormoqda. Shu bilan birga resurslar bazasi ham qisqarmoqda», — dedi manba.
Byudjet tanqisligi ham oshishi kutilmoqda. Ilk hisob-kitoblarda 2025 yilda byudjetda YAIMning 0,5 foizi miqdorida «tuynuk» bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Biroq neft-gaz daromadlarining ikki xonali raqamlarda pasayishi tufayli iyun oyida bu ko‘rsatkich 3,5 barobarga oshirildi. Hozirgi progressiya bilan defitsit 1,7 foizdan ham oshishi mumkin.
RF Moliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil iyuli oxirida federal byudjetdagi umumiy taqchillik 4,879 trln rublga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi 1,098 trln rubldan 4,4 barobar (340 foiz)ga ko‘p.
Daromadlar yillik hisobda 3 foizga oshgan bo‘lsa, xarajatlar 21 foizga, 25,2 trln rublgacha ko‘tarilgan. Hukumat sarflagan har beshinchi rubl hali moliyalashtirilmagan. Neft-gazdan kelayotgan daromad esa eng og‘riqli nuqtaga aylangan: mayda 35 foiz, iyunda 34 foiz, iyulda 28 foiz, 7 oylik hisobda 19 foiz pasayish kuzatilgan.
Iqtisodiy faollik o‘sishi ham so‘nib boryapti: iyul oyida yillik o‘sish atigi 0,4 foizni tashkil etdi. Vaholanki, 1-chorakda 1,2 foiz, 2-chorakda 1,1 foiz o‘sish qayd etilgan edi. Ammo chorakdan-chorakka YAIM ikki chorak ketma-ket pasaydi —yanvar–mart va aprel–iyun oylarida 0,6 foiz. VEBning bosh iqtisodchisi Andrey Klepach bu holatni «texnik retsessiya» deb atadi.





