add

Rossiya mehnat bozorida migrantlar ulushi cheklanadi: 2026 yil uchun yangi kvotalar e’lon qilindi

20.08.2025 | 08:0048914

Rossiya Mehnat vazirligi qurilish, umumiy ovqatlanish va savdo sohalarida migrantlar ishlashiga cheklov qo‘ymoqchi. Ekspertlar fikri ikkiga bo‘lindi.

Rossiya mehnat bozorida migrantlar ulushi cheklanadi: 2026 yil uchun yangi kvotalar e’lon qilindi
Rossiya Mehnat vazirligi 2026 yildan boshlab to‘qqizta iqtisodiy sohada mehnat migrantlarini ishga qabul qilishda cheklovlarni kuchaytirishni taklif qilmoqda. Vazirlik tegishli qaror loyihasini regulation.gov.ru portalida jamoat muhokamasi uchun joylashtirdi. «Kommerseant’» nashrining yozishicha, loyihaga ko‘ra, umumiy ovqatlanish sohasida ilgari cheklovlar mavjud bo‘lmagan bo‘lsa, endi chet el fuqarolari ish o‘rinlarining faqat 50 foizini egallashi mumkin. Qurilishda esa ushbu ko‘rsatkich 80 foizdan 50 foizga tushirilishi nazarda tutilmoqda. Alkogol va tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo sohasidagi maxsus do‘konlarda migrantlarni ishga qabul qilish umuman taqiqlanishi mumkin. Bu sohalardagi kvota 15 foizdan 0 foizga tushiriladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, yog‘och savdosi va qayta ishlash tarmoqlarida ham migrantlar ulushi 40 foizga cheklanishi mumkin. Mehnat vazirligi, shuningdek, 29ta sub’ektda mintaqaviy xususiyatlarni hisobga olgan holda alohida cheklovlar joriy etishni taklif qilmoqda. Masalan, Amur oblastida migrantlar qishloq xo‘jaligi veterinariyasi va uskunalar ta’miri sohasida ishlash huquqidan mahrum etiladi. RANXiGSning yetakchi tahlilchisi Yuliya Florinskaya bu orqali davlat Markaziy Osiyodan kelayotgan migrantlar oqimini cheklash, bir vaqtda esa boshqa mintaqalardan — Hindiston, Pokiston va Afrika davlatlaridan keladigan mehnat resurslarini ko‘paytirishni ko‘zlayotganini taxmin qilmoqda. Shu munosabat bilan davlat rus tili va qonunchilikdan test talabini vizali keluvchilar uchun bekor qilgan. Biznes vakillari esa bu cheklovlarni turlicha baholamoqda. Umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi Vladislav Zemskiyga ko‘ra, ishchi kuchi yetishmovchiligi tufayli migrantlar oylik maoshni oshirish talabini qo‘ya boshlagan, shuning uchun kompaniyalar o‘zini rossiyalik ishchilar bilan ta’minlashga o‘ta boshlagan. Biroq qurilish sohasida bu qaror muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Jamoatchilik palatasining Qurilish vazirligidagi komissiyasi rahbari Ilya Ponomaryovning fikricha, xorijlik ishchilar qurilishda faqat qo‘l mehnatiga jalb etilmaydi — ular orasida malakali mutaxassislar ham bor.

Teglar

Mavzuga oid