add

Rossiya nefti eksporti keskin kamaydi, Turkiya esa asosiy bozordan chiqmoqda

30.07.2025 | 17:305133

2025 yilning dastlabki 7 oyida Rossiya neft eksporti kamayishda davom etmoqda. Turkiyaga yo‘naltirilayotgan tannarxi past Urals nefti ta’minoti 12 haftalik eng past darajaga tushdi.

Rossiya nefti eksporti keskin kamaydi, Turkiya esa asosiy bozordan chiqmoqda
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyi yakunigacha Rossiyadan dengiz orqali neft eksport qilish hajmi kuniga 3,22 mln barrelni tashkil etdi. Bu joriy yildagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, iyun oxiridan beri 3 foizga kamayish kuzatildi. Ayniqsa, Turkiya yo‘nalishi bo‘yicha eksport keskin qisqarib, so‘nggi 3 oylik minimumga tushdi. Bu Rossiya nefti uchun Yaqin Sharq bozoridagi asosiy yo‘qotishlardan biri bo‘ldi. Turkiya Kreml uchun strategik bozor bo‘lib, u orqali Rossiya sanksiyalarga qaramasdan neftini sotish imkoniga ega edi. Ushbu pasayish fonida Rossiya eksportidan tushayotgan haftalik daromad ham sezilarli kamaydi. 21–27 iyul kunlari mamlakat neft eksportidan 1,14 mlrd dollar ishlab topdi — bu avvalgi haftaga nisbatan 230 mln dollarga kam. Bloomberg tahliliga ko‘ra, bunday dinamika ikki omil bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin: birinchidan, Urals neftining tannarxi tushib, Boltiq va Qora dengiz portlaridan jo‘natilayotgan neft 1 barrel uchun 58,60 dollargacha arzonlashgan; ikkinchidan, Rossiya OPEC+ kelishuvi doirasida neft ta’minotini qisqartirish majburiyatini bajarayotgan bo‘lishi mumkin. Agar moslashuvchi ta’minot siyosati to‘g‘ri bo‘lsa, Rossiya oktyabrda ko‘proq neft qazib chiqarish huquqiga ega bo‘lishi mumkin. Biroq hozircha eksport hajmi va narxlardagi tushish Kreml byudjetiga to‘g‘ridan to‘g‘ri salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid