
Rossiyadan O‘zbekistonga kelayotgan poyezddan qariyb 2,5 mlrdlik so‘mlik tibbiy buyum va dorilar topildi
«Volgograd–Toshkent» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan poyezd «Qoraqalpog‘iston temiryo‘l» xalqaro o‘tkazish punktida tekshirildi.

Rossiya Federatsiyasidan noqonuniy olib kelinayotgan tibbiy buyum va dori vositalari to‘xtatib qolindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida bojxona idoralari xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Xususan, «Volgograd–Toshkent» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan poyezd «Qoraqalpog‘iston temir yo‘l»xalqaro o‘tkazish punktida tekshirilgan.
Oqibatda 7-vagon kuzatuvchisi — Samarqand shahrida yashovchi, 1981 y.t. shaxs tomonidan vagonning havo aylantirish shaxtasiga yashirib qo‘yilgan, taxminan 913 mln so‘mlik 30 turdagi 2742 dona stomatologik buyumlar, implantlar va uskunalar borligi aniqlanib, rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, poyezdning 12-vagonida ham shunga o‘xshash holat aniqlanib, vagon kuzatuvchisi bo‘lgan Toshkent shahrida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan bojxona ko‘rigidan yashirin ravishda olib kirilgan, taxminan 1,5 mlrd so‘mlik 12 turdagi jami 894 dona dori vositalari hamda tibbiy anjomlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, vagon kuzatuvchilari moddiy manfaatdorlik evaziga tibbiy buyum va dori vositalarini Toshkent shahriga yetkazib berishlari kerak bo‘lgan.
Ayni paytda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.





