
Rossiyaliklar kartoshkaning o‘rniga makaron yeya boshladi
16.06.2025 | 22:2547686
Rossiyada kartoshka narxining 173%ga oshishi aholini kundalik ovqatlanishni o‘zgartirishga majbur qilmoqda. Iqtisodiy qiyinchiliklar fonida makaron, non va krupalarga talab oshib, arzonroq mahsulotlarga o‘tish tendensiyasi kuchaymoqda.

Oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi tufayli rossiyaliklar ovqatlanish ratsionini o‘zgartirishga majbur bo‘lmoqda. Xususan, ular kartoshkadan voz kechishni boshladilar, chunki may oyining oxiriga kelib uning narxi o‘tgan yilga nisbatan 173 foizga oshdi — bu rasmiy statistika mavjud bo‘lgan 23 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Oliy iqtisodiyot maktabining "Taraqqiyot markazi" hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi choragida rossiyaliklar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 foiz kam kartoshka sotib olishgan.
Tejash maqsadida ular non, makaron va yorma mahsulotlariga o‘tishga majbur bo‘lishdi. Bu mahsulotlarning sotuvi mos ravishda 6%, 5% va 3% ga oshdi, deb xabar bermoqda "Nezavisimaya gazeta".
"Taraqqiyot markazi" direktor o‘rinbosari Svetlana Misixina ta’kidlashicha, hozirgi kunda rossiyaliklarning kartoshka sotib olish imkoniyati ilgarigiga nisbatan ancha pasaygan. Bu ildizmevani xarid qilish imkoniyati bir yil ichida qariyb 45 foizga kamaygan.
Shuningdek, piyoz (17 foizga) va sariyog‘ (15 foizga) narxlarida ham salbiy tendensiya kuzatilgan bo‘lib, ular may oyiga kelib yillik hisobda 41% va 34% ga qimmatlashgan. Biroq, Misixina qo‘shimcha qilishicha, o‘rtacha aholi uchun yorma va makaron mahsulotlarini sotib olish imkoniyati 12 va 14 foizga oshgan.
Markaziy bank rossiyaliklar ovqatlanish ratsionidagi o‘zgarishlarni ularning "yuqori sifat ko‘rsatkichlariga ega" mahsulotlarni iste’mol qilishga bo‘lgan istaklari bilan izohlagan.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki to‘rt oyida oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha narxlari o‘tgan yilga nisbatan 12 foiz yuqori bo‘lgan. Ayniqsa, sabzavotlar narxida rekord darajadagi o‘sish kuzatildi.
Jumladan, may oyida kartoshka narxi o‘tgan yilga nisbatan 173 foizga oshdi. Uning o‘rtacha chakana narxi 1 kilogramm uchun 84,7 rublni tashkil etdi.
Piyozning o‘rtacha chakana narxi yillik hisobda 87,2 foizga ko‘tarilib, 1 kilogramm uchun 72,3 rublga yetdi. Oq karam narxi esa 56,8 foizga oshib, endi 1 kilogrammi 75,2 rubldan sotilmoqda. Lavlagi narxi 11,9 foizga, pomidor esa 1,2 foizga qimmatlashdi.
11 iyun kuni Sanoat va savdo vazirligi eng ko‘p talab qilinadigan sabzavotlar narxlarini davlat tomonidan tartibga solishni joriy etishni taklif qildi.
Gap yetkazib beruvchilar va savdo tarmoqlari o‘rtasidagi uzoq muddatli shartnomalar tuzishga o‘tish haqida bordi. Bu shartnomalarda "borsh to‘plami"ga kiruvchi sabzavotlarning minimal va maksimal sotish narxlari belgilanadi.
Rossiya Fanlar akademiyasining Xalq xo‘jaligini prognozlash instituti ma’lum qilishicha, oziq-ovqatga bo‘lgan talab iste’mol bozorining barqaror o‘sib borayotgan yagona segmenti bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan birga, boshqa tovarlar savdosining o‘sishi to‘xtab qolgan. Bu, ayniqsa, avtomobillar, maishiy elektronika, muzlatgichlar va kir yuvish mashinalariga taalluqli.
Umuman olganda, 2025 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, chakana savdo aylanmasining o‘sishi 3,2 foizgacha sekinlashgan.





