
Rossiyaning neft zaxiralari 30 yilga yetishi dargumon
22.05.2025 | 08:4520303
Rossiyadagi neft zaxiralari faqat 26 yilga yetarli bo‘lib, bu mamlakatning energetika salohiyatiga jiddiy tahdid solmoqda. Bu haqda Rossiya tabiiy resurslar vaziri Aleksandr Kozlov 21 may kuni Davlat Dumasidagi chiqishida ma’lum qildi.

Kozlovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi umumiy neft zaxiralari 31 mlrd tonnani tashkil etadi, ammo ularning faqat 13 mlrd tonnasi rentabel hisoblanadi. Hozir Rossiya yiliga taxminan 500 mln tonna neft qazib olmoqda. Qolgan 95 mlrd tonna «resurslar» sifatida baholanadi, lekin ularning katta qismi qiyin qazib olinadigan zaxiralardir.
Rossiya hukumatining 2050 yilgacha mo‘ljallangan Energetika strategiyasiga ko‘ra, agar hozirgi tendensiyalar davom etsa, 2036 yilga kelib neft qazib olish hajmi 477 mln tonnaga, 2050 yilga kelib esa 287 mln tonnagacha kamayishi mumkin. Bu holat neft eksportini 234 mln tonnadon 79 mln tonnagacha qisqartirishga olib keladi.
Agar G‘arb sanksiyalari kuchaysa va dunyo uglevodorodlardan tezroq voz kechsa, 2050 yilga kelib Rossiyada neft qazib olish hajmi 171 mln tonnagacha tushishi mumkin, bu esa eksportning to‘liq to‘xtashiga sabab bo‘ladi.
Hukumatning baholashicha, neft qazib olish sohasida foydalaniladigan uskunalarning 90 foizidan ko‘p qismi import qilinadi. Shuningdek, geofizik tadqiqotlar uchun kerakli uskunalarning 30 foizi, geologik tadqiqotlar uchun esa 20 foizi xorijdan keltiriladi. Bu esa Rossiyaning energetika sohasidagi texnologiyaviy mustaqilligiga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.





